08:17 / 15.06.2017
6150

Qozog‘istonda Ostona iqtisodiy forumi o‘z ishini boshlamoqda

Foto: RIA Novosti

15 iyunda Qozog‘iston poytaxtida Ostona iqtisodiy forumi o‘z ishini boshlaydi. Forum 2 kun davom etadi.

Forum tashkilotchilarining ta'kidlashicha, forum an'anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinadi. "Ostonada har yili jahon iqtisodiy hamjamiyati vakillari, ko‘plab davlatlarning amaldagi va sobiq rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari, jahon ilmi namoyandalari va tadbirkorlar yig‘ilishadi", deb aytildi forum saytida. 

Ostona iqtisodiy forumi Qozog‘iston poytaxtida 10-marotaba o‘tkazilmoqda, uning joriy yildagi mavzusi "Yangi energiya – Yangi iqtisodiyot" bo‘ladi.

"Forumni yaratishdan maqsad iqtisodchi-mutaxassislar global iqtisodiyot o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyo mintaqasi va jahondagi iqtisodiy rivojlanish masalalarini muhokama qilisha oladigan xalqaro xolis maydonni shakllantirishdan iborat", deb aytildi forum tashkilotchilari xabarida.
 
Forum doirasida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirokida yalpi majlis hamda iqtisodiyot bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, jumladan Nobel mukofoti sovrindorlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Umumiy hisobda 20 ta panel sessiyasi o‘tkazish rejalashtirilgan. Asosiy mavzular barqaror iqtisodiy o‘sish, jahon savdosi va infratuzilmasi, innovatsiyalar va "yashil" iqtisodiyot bo‘ladi.  

Forumning spikerlari sifatida "Qora turna" nazariyasi muallifi Nasim Tolib, "Iqtisodiy qotil tavbasi" bestselleri muallifi Jon Perkins, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Sergey Glazev, "Globallashuv yakuni" bestselleri muallifi Garold Jyeyms, The Boston Consulting Group kompaniyasi raisi Xans Pol Bryukner, DP World kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sulton Ahmad bin Sulaymon va boshqalar nomi aytilgan.

Top