08:48 / 16.06.2017
5515

Xitoydagi bolalar bog‘chasi yonida yuz bergan portlash bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsi o‘rnatildi

Xitoy politsiyasi Tszyansu viloyatidagi bolalar bog‘chasi yaqinida yuz bergan portlashni jinoyat sifatida tasnifladi va uni sodir etishda gumonlanuvchi shaxsini o‘rnatdi. Bu haqda "Sinxua" axborot agentligi xabar bermoqda. 

15 iyunda mahalliy vaqt bilan soat 16:50 da yuz bergan portlash oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 60 dan ko‘proq odam jarohat oldi. Xitoyning jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkun vazirlikning qo‘mondonlik markaziga portlashning tergov qilinishiga shaxsan boshchilik qilish uchun keldi. Voqea joyiga vazir o‘rinbosari Xuan Min boshchiligidagi ishchi guruh yo‘l olgan. 

Axborot agentligining ma'lum qilishicha, jamoat xavfsizligi vazirligi tekshiruv o‘tkazgach, voqeani jinoyat sifatida tasniflagan. 

Huquq-tartibot idoralari hozircha portlash sababini aytishmayapti. OAVda avvalroq voqea bolalar bog‘chasiga kiraverishda joylashgan tamaddixonada gaz portlashi oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar paydo bo‘lgandi. Shu munosabat bilan hukumat tomondan ishlab chiqarish obektlarini xavfsizlikka tekshirishga ko‘rsatma berilgan. 

Avvalroq "Sinxua" axborot agentligi portlash bolalar uylariga qaytayotganlarida yuz berganini ma'lum qilgandi. Biroq endi bolalar va tarbiyachilardan birortasi jabrlanmagani, ular portlash vaqtida mashg‘ulotlarda bo‘lishgani aytilmoqda.

Top