O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Saudiyada o‘tkazilgan xalqaro sammit hamda unda ko‘tarilgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalariga alohida to‘xtaldi.

"2016 yil oktabr oyida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvida O‘zbekiston tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazini tuzish to‘g‘risida tashabbus ilgari surilgan edi.

Yaqinda Saudiya Arabistoniga safarimiz paytida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasida ayni shu masala bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti. - Mazkur bank prezidenti Bandar Hajar janoblari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, “Islom taraqqiyot banki – bu O‘zbekistonning banki”, deb aytdilar. Bu so‘zlar butun islom ummati, islom jamoatchiligining Imom Buxoriy yurtiga, uning avlodlariga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi".

Shu o‘rinda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan xalqaro sammitda katta-katta davlatlar, arab, musulmon mamlakatlari va AQSh rahbariyati bir fikrga alohida urg‘u berilgani, ya'ni jaholatga qarshi ma'rifat, ta'lim-tarbiyani kuchaytirish bilan kurashish zarur ekani ta'kidlangani qayd etildi. 

"Bu fikrlar diniy masaladagi bizning yondashuvimiz bilan uyg‘un va hamohang ekani ayniqsa e'tiborlidir. Jumladan, AQSh Prezidenti Donald Tramp janobi oliylari ham shu borada aniq va konstruktiv takliflarni ilgari surdi", - deya Trampning so‘zlari keltirildi:

"Men Prezident sifatida Amerika xalqi va o‘z nomimdan kafolat beraman, biz terrorizm va ekstremizmga qarshi qattiq kurash olib boramiz, bu yo‘lda, qaysi din vakili bo‘lishimizdan qat'i nazar, barchamiz birlashishimiz zarur. Yer yuzida tinchlikni saqlash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak". 

Shunday ekan, bugungi kunda ijtimoiy-ma'naviy hayotimizni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz, buning uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishimiz shartligi ta'kidlandi. Chunki hozirgi vaqtda dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, siyosiy va iqtisodiy inqirozlardan tashvishga tushmayotgan birorta davlat yoki jamiyat yo‘q. 

"Ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solmoqda", - dedi Shavkat Mirziyoyev.