15:38 / 16.06.2017
10621

OAV AQShning 13 mlrd dollarlik aviatashuvchisiga qo‘nish muammolari haqida bong urmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng qimmat USS Gerald R. Ford aviatashuvchi kemasiga jangovar samolyotlar qo‘nishi va undan havoga ko‘tarilishiga doir muammolar haqida Bloomberg agentligi yozmoqda. 

AQShning USS Gerald R. Ford avianosetsi (Foto: Ridge Leoni / U.S. Navy / AP)

AQShning eng yangi va eng qimmat USS Gerald R. Ford (qiymati — 12,9 mlrd dollar) aviatashuvchi kemasi 31 may kuni harbiy-dengiz flotiga topshirilganiga qaramay, «asosiy narsalarda muammolar»ga duch kelyapti, deb yozmoqda Bloomberg agentligi. Ularning orasida kema palubasida qiruvchi samolyotlarning havoga ko‘tarilishi va qo‘nishi bilan bog‘liq muammolarning borligidir. 

Harbiy-dengiz flotining Bloomberg ixtiyoriga tushgan hujjatlarida qayd etilishicha, aerofinisher (samolyot qo‘nayotganda qabul qilish tizimi) 301 mln dollardan 961 mln dollargacha qimmatlashgan. Aviatashuvchi bortidan F/A-18 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari to‘liq yuklangan holatda havoga ko‘tarila olmayotgani aytiladi. 

«Ikki muammo Ford tasnifidagi uchta kema qurish xarajatlari va texnik nuqsonlariga tegishlidir. 3ta kema narxi 42 mlrd dollar bo‘lishi Kongressning diqqat-eʼtiborida turibdi», — deb yozadi Bloobmerg. 

USS Gerald R. Ford — ushbu aviatashuvchilar seriyasining birinchi kemasidir. 2015 yildan ikkinchi aviatashuvchi — John F. Kennedy qurilmoqda. 2018 yilda uchinchisi Enterprise bo‘yicha qurish ishlari boshlanadi.
 
Yangi avlod Gerald R. Ford aviatashuvchisi 2009 yilda qurilishi boshlangan edi. U 2014 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangandi, biroq bir necha bor bu ish ortga surildi. So‘nggi marotaba 2016 yili jangovar tayyorgarlik bo‘yicha barcha sinovlardan o‘ta olmagani sababli ortga surilgan edi. 

Mavzuga oid
Top