15:14 / 16.06.2017
22442

Samarqand shahri hokimi jurnalistlarga shaharning kelgusidagi rejalari haqida gapirib berdi

Bugun Samarqand shahridagi «Matbuot uyi»da tashkillashtirilgan matbuot anjumanida Samarqand shahar hokimi Voxid Sanaqulovich Rahimov viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashdi.

Anjumanni viloyat «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev kirish so‘zi bilan ochdi. Jurnalist shahar hokimini viloyat jurnalistlari bilan ilk yuzma-yuz uchrashuvda ko‘rib turganidan qutlar ekan, yig‘ilganlarga prezidentimiz Sh.Mirziyeyovning yaqindagina viloyatga tashrifi davomida rahbarlar oldiga ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikda ishlash vazifasini qo‘yganini ham aytib o‘tdi. 

Samarqandni ulkan megapolisga aylantirish borasida juda katta rejalar ishlab chiqilgani va yig‘ilganlarga ushbu rejalar haqida shahar hokimi V.Rahimov bittalab ma'lumot berishi haqida bildirdi F.Toshev.

Shahar hokimi yig‘ilgan jurnalistlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari va hayit bilan qutlab, o‘z chiqishini 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan, islom tamadduni ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ulamolar va davlat arboblarining xoki qo‘yilgan qo‘hna shaharga xorijda qiziqish tobora ortib borayotgani, sayyohlar oqimi ko‘payayotgani, Samarqand bilan birodarlashish istagida bo‘lgan shaharlar soni ortayotgani, jumladan, Yevpatoriya va Urumchi ana shunday shaharlar jumlasidanligini aytishdan boshladi.

Vohid Rahimov ayni paytda 524 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan shaharning qurilish, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash va zamonaviylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalashtirilayotgan loyihalar haqida gapirib berdi. 

Shaharda ayni paytda 207 ta mahallada 107 ming xonadon, 1024ta ko‘p qavatli uylarda 44 ming xonadon, 541ta ko‘cha mavjud; 524 ming nafar aholining 60 foizidan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil qiladi, dedi shahar hokimi. Shaharda 7 ta oliy o‘quv yurti, 74 ta maktab, 11 ta akademik litsey, 26 ta kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatmoqda. Shaharda bu yilgi bitiruvchilar soni 12 ming nafardan ortiq bo‘lyapti.

Shaharda 6 mingdan ziyod xo‘jalik yurituvchi sub'yekt, 5981 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritmoqda. 

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotdagi loyihalarning barchasi amalga oshirilishi uchun 1 trillion 937 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi, dedi hokim.

Ushbu mablag‘larning 732 milliard 359 million so‘mlik qismi Samarqand shahrida amalga oshiriladigan loyihalarga yo‘naltiriladi. Umuman, olganda taqdimotda tilga olingan 144 ta loyihadan 43 tasi Samarqand shahri hududida barpo etiladi.

Ayni paytda o‘sha 43 ta loyihadan 25 tasini ishga tushirish jarayoni boshlangan. Ular bo‘yicha yetakli takliflar berib bo‘lingan, Vazirlar mahkamasining qarori ham chiqqan. 18 tasi bo‘yicha esa ishlar jadal davom ettirilmoqda. Ishlarni bajarish muddati grafigiga to‘liq amal qilinmoqda.

Shahar hokimligida o‘sha 43 ta loyiha bo‘yicha nazorat shtabi tashkil etilgan, ishchi guruhlar ishlarning borishini nazorat qilishmoqda. Shuningdek, jamoatchilik nazorati ham o‘rnatilgan, dedi V.Rahimov. 

Shuningdek, hokim shahar miqyosida tozalikni saqlash, obodonlashtirish va aholini elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan hal etilayotgan va hal etilishi kerak bo‘lgan muammoyu kamchiliklarga ham atroflicha to‘xtalib, ularning qay tarzda hal etilishi mo‘ljallanayotganiga aniqlik kiritdi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Oshkora va do‘stona ruhda o‘tgan ushbu matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan ham ayrim takliflar berildi. Shahar hokimi ana shunday matbuot anjumani endi har oyda o‘tkazilib turilishini ta'kidlab o‘tdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Tahririyatdan: Samarqand shahar hokimi V.Rahimov tomonidan matbuot anjumanida tilga olingan rejalar, Samarqandda qurilishi va foydalanishga topshirilishi kutilayotgan obektlar va infratuzilmalar xabarlar lentamizda keyinroq alohida xabar shaklida beriladi.

Top