Jahon | 12:13 / 19.06.2017
7505
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Tailandda portlash yuz berdi, qurbonlar bor

Tailand janubidagi Pattani viloyatida qo‘lbola bombaning portlashi oqibatida besh nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohatlandi. Bu haqda "Kxom Chat Lik" gazetasi xabar bergan.

Pattani viloyatining Txung Yang Deng tumanidagi yo‘llardan biriga joylashtirilgan bombaning portlashi mahalliy vaqt bilan 11:45 (Toshkent vaqti bilan 9:45)da, yo‘ldan harbiylar bo‘lgan pikap o‘tib ketayotganida yuz bergan. 

Tailand janubida Malayziya bilan chegaradosh bo‘lgan Pattani, Narativat va Yalla viloyatlari joylashgan. Bu yerlarda 2004 yildan beri Tailand xavfsizlik kuchlari va jangari-ayirmachilar o‘rtasida qarama-qarshilik davom etmoqda. Jangarilar o‘z mintaqasi uchun keng muxtoriyat yoki Tailanddan butunlay ajralib chiqishni talab qilmoqda. Barcha uch viloyat avval Siam (hozirgi Tailand) va Britaniya Malayyasi (hozirgi Malayziya) o‘rtasida joylashgan Pattani Sultonligi davlati tarkibiga kirgan. XX asr boshida sultonlik ingliz-siam kelishuvlariga asosan buddaviylar yashovchi Siam tarkibiga kirdi va uchta viloyatga bo‘linib ketdi. 2004 yildan beri mintaqadagi portlashlar, otishmalar natijasida 6,8 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi.

Mavzuga oid