08:25 / 20.06.2017
7071

198 mln amerikalik haqidagi ma'lumotlar deyarli 2 hafta davomida ochiq foydalanishda bo‘lgan

UpGuard kompaniyasining kiberhimoya bo‘yicha xodimlari Donald Tramp shtabi 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasida ishlatgan 198 mln amerikalik haqidagi shaxsiy ma'lumotlar deyarli ikki hafta himoyalanmagan bulutli servisda saqlanganini aniqlashdi.  

AQShning 198 mln fuqarosi haqidagi ma'lumotlar Amazon kompaniyasining bulutli servisida saqlangan. Bunda terabaytdan ko‘proq ma'lumot hattoki parol bilan himoyalanmagan bo‘lgan. 

"AQShning 61 foizdan ko‘proq aholisi ma'lumotlar sizib chiqishiga uchradi", deb aytildi UpGuard xabarida. Kompaniya tahlilchilarining dastlabki baholariga ko‘ra, bu ma'lumotlar bazasida to‘plangan ma'lumot 5 amerikalikdan 3 nafariga taalluqli bo‘lib, saylovchilar haqidagi ma'lumotlar bazasidan tortib Reddit forumigacha bo‘lgan turli manbalardan to‘plangan.

Himoyalanmagan ma'lumotlar bazasini dastlab kompaniya tahlilchilaridan biri Kris Vikkeri aniqlagan. Uning aytishicha, u buni 12 iyunda aniqlagan va nuqson 2 kun o‘tibgina, ya'ni 14 iyunda bartaraf etilgan.

Istalgan odam havola topib foydalana olishi mumkin bo‘lgan bu ma'lumotlar bazasida saylovchilarning ismi, tug‘ilgan sanasi, telefon raqamlari va uy manzillari, siyosiy qarashlari kabi turli ma'lumotlar saqlangan.

Bulutli servisga Respublikachilar partiyasi qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra amerikalik fuqarolar haqidagi ma'lumotlarni qayta ishlovchi bir necha kompaniya to‘plagan ma'lumot yuklangan. Bu kompaniyalar Deep Root Analytic, TargetPoint Consulting Inc. va Data Trust bo‘lib, ularning barchasi 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida saylovchilar haqida ma'lumotlar to‘plash va qayta ishlash bilan shug‘ullangan va Donald Tramp shtabiga ishlagan. 

Deep Root Analytic asoschisi Aleks Landri Gizmodo nashriga ma'lumotlar haqiqiyligini tasdiqlagan va uning kompaniyasi bo‘lib o‘tgan voqea uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishini aytgan. Uning aytishicha, kompaniyaning xavfsizlik bayonnomalari oxirgi marta 1 iyunda yangilangan va uning xodimlari ma'lumotlar ochiq foydalanishda bo‘lgan 12 kun ichida birorta buzib kirish holati yuz berganini aniqlashmagan. 

Top