11:28 / 20.06.2017
27335

Peres Ronalduning ketishi shartini ma'lum qildi

Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres ma'lum qildiki, jamoaning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronalduning klubdagi kelajagi u terma jamoasi bilan Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etib qaytgach, muhokama qilinadi.

O‘tgan haftada bir qator nashrlarda Ronaldu Ispaniya prokuraturasi o‘ziga nisbatan soliqlarni to‘lamaslik ayblovi bilan ish ochgach, «Real»dan ketishga qaror qilgani haqida yozilgandi.

«Men oxirgi marta Ronaldu bilan Kardiffda, Chempionlar ligasi finalidan keyin gaplashgandim, biz o‘shanda keyingi mavsum haqida gaplashgandik.

Hozirgi vaziyatni tushunmayapman, bu juda g‘alati vaziyat. Men u bilan Konfederatsiyalar kubogidan keyin gaplashaman. Men u ketadi deb o‘ylamayman. Biz Ronaldu, Xames Rodrigesu va Alvaro Morata bo‘yicha takliflar olmaganmiz», - deya Peresning so‘zlarini keltirgan As nashri.

Klub prezidenti shuningdek, ushbu futbolchi uchun 1 milliard yevro miqdoridagi tovon puli belgilab qo‘yilgani haqida ma'lum qilgan.

«Uning «Real» bilan shartnomasidagi badal puli miqdori - 1 milliard yevro. Agar boshqa klublar buncha pul to‘lashmasa, u ketmaydi», degan prezident  Onda Cero radiosi efirida.

Ronalduga da'vogar jamoalar «Manchester Yunayted», «PSJ», «Monako», «Chelsi», «Manchester Siti» va Xitoy klublari bo‘lib turibdi.

4 karra «Oltin to‘p» sohibi 2009 yilda «Real»ga «Manchester Yunayted» safidan rekord darajadagi mablag‘ evaziga kelib qo‘shilgandi. Hozirda 32 yoshga chiqqan futbolchi yakunlangan mavsumda «Real» uchun 46 o‘yinda maydonga tushib, 42ta gol urdi.

Mavzuga oid
Top