14:46 / 20.06.2017
14537

Ronaldu «MYu»ga kelmasligiga sabablar

«Manchester Yunayted» rahbariyati «Real»dan Krishtianu Ronaldu transferi amalga oshirilishiga shubha bildirmoqda.

Daily Express ma'lumotiga ko‘ra, mankunianliklar portugaliyalik bu 32 yoshli futbolchi uchun Madrid jamoasi talab qiladigan 200 mln yevroni juda ko‘p deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, futbolchiga yiliga 22 mln yevro miqdorida maosh tayinlash kerak bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu transfer amalga oshishiga Joze Mourino va futbolchi o‘rtasidagi munosabatlar to‘siq bo‘lishi mumkin. Portugaliyalik mutaxassis «Real»dagi oxirgi mavsumida ko‘plab futbolchilar bilan, jumladan Ronaldu bilan ham ziddiyatga borgandi. Murabbiyning bir fikri mashhur: «Men haqiqiy Ronaldoni shug‘ullantirganman, hozirgisini emas».

Daily Star xabariga ko‘ra, Mourino Ronalduning o‘z jamoasiga kelishiga qarshi bo‘lmoqda. U hozirgi vaziyatda futbolchi o‘z shartnomasini yaxshilash uchungina «MYu»dan foydalanmoqda, degan fikrda.

ESPN kolumnisti, ispan futboli haqidagi kitob muallifi Grem Hantegning hikoya qilishicha, Ronaldu Mourino bosh murabbiy bo‘lganida ham Madrid jamoasidan ketib, Manchesterga qaytish istagini bildirgandi.

«Soliqlar bo‘yicha mojarolardan ancha vaqt oldin, «Real»da yorqin o‘yinlar ko‘rsatayotgan Krishtianu Ronaldu «MYu»dagi sobiq jamoadoshlariga Madriddagi hayotidan shikoyat qilgandi.

U Madrid klubida bir necha marta shunday holatga tushgan. Ayniqsa, Mourino bosh murabbiy bo‘lganida. O‘shanda Krishtianu «MYu» rahbariyati vakili Albert Morganga qo‘ng‘iroq qilgan va «Real»dagi holati «MYu»dagi bilan solishtirganda, bir necha baravar yomon ekanini aytgan.

Ammo Zidan kelishi va uning klub bilan qozongan muvafaqqiyatlari vaziyatni yengillashtirgandi», – deya yozgan Hanter.

Ronalduning «Real»dagi kelajagi savol ostida qolgan. U Ispaniya prokuraturasi tomonidan 2011-13 yillar davomida jami 14,7 mln yevro miqdoridagi maoshni yashirganlikda ayblanmoqda. Matbuotda futbolchi bu pullarni 2010 yili o‘zi asos solgan xayriya kompaniyasi orqali yashirgani haqida yozilmoqda. Ronaldu o‘z imij huquqi orqali topilgan pullarni deklaratsiya qilmagani aytilgan. U Ispaniya huquq-tartibot organlari tomonidan 4ta jinoyatda ayblangan va 5 yillik qamoq tahdidi ostida qolgan.

Ayni vaqtda Rossiyada Portugaliya terma jamoasi bilan Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etayotgan futbolchi terma jamoadagi sheriklariga «Real»dan ketishga ahd qilgani haqida gapirgan.

Top