22:06 / 21.06.2017
7362

Afg‘oniston bilan yuksak darajali uchrashuvlar kutilmoqda

Xalqaro Press-klubning 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida jurnalistlar O‘zbekiston Prezidentining Turkmaniston va Qozog‘iston mamlakatlariga bir necha marotaba borgani, biroq Tojikiston hamda Qirg‘izistonga tashrif buyurmagani sabablariga qiziqish bildirishdi. Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri shu haqida ma'lum qildi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yangilangan tashqi siyosat doirasida barcha mamlakatlar bilan tezkor aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Safoyev barcha mamlakatlar bilan iqtisodiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlik va ekologiya kabi masalalarda hamkorlik aloqalari davom ettirilishini ta'kidladi va bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanayotganini ma'lum qildi.

Nafaqat Tojikiston va Qirg‘iziston, bu ro‘yxatga yana bir davlat - Afg‘onistonni ham qo‘shish kerak, dedi u.

"Afg‘oniston - biz uchun qo‘shni mamlakat, mintaqaning bir qismi. Shu bois ham Prezident Shavkat Mirziyoyev bu mamlakat bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Afg‘oniston bo‘yicha Prezidentning maxsus vakili tayinlangani ushbu mamlakatga qaratilayotgan e'tiborning yaqqol isboti bo‘la oladi. Yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga borib qaytdi. Aniq qadamlarga umid bor, shu jumladan yuksak darajali uchrashuvlar masalasida ham. Yuqori darajali aloqalar allaqachon yo‘lga qo‘yila boshlangan", - dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari. 

Sodiq Safoyev yuqorida nomlari qayd etilgan mamlakatlarga Prezidentning tashrif muddatlari noaniqligi, ular diplomatik yo‘llar orqali muvofiqlashtirilishini qo‘shimcha qildi. 

Mavzuga oid
Top