21:04 / 21.06.2017
22366

«Bugungi kunda futbolni rivojlantirishning o‘zbekcha uslubi paydo bo‘lgan» - O‘FF

Bugun Xalqaro press-klubda yurtimizda sport sohasida olib borilayotgan ishlar, olimpiya harakati va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu matbuot anjumanida O‘FF vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev, Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Ahrol Inoyatov ishtirok etdi. Ushbu matbuot anjumanida berilgan savollarga va vaqt chegaralanganligi sababli matbuot anjumanida javob berishga ulgurilmay qolingan savollarga O‘FF vakillari javob qaytarishdi. Ushbu javoblar Xalqaro press-klub tomonidan e'lon qilindi.

- Milliy terma jamoa oldiga jahon chempionatiga chiqish vazifasi aniq qo‘yilganmi?

- O‘zbekiston Ijroiya Qo‘mitasining 2015 yil 25 iyundagi majlisining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi 8ta o‘yindan keyin 12 ochko jamg‘argan holda o‘z guruhida 3-o‘rinda bormoqda. Jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalashi uchun O‘zbekiston 31 avgust kuni safarda Xitoyni, 5 sentabr kuni Toshkentda Koreyani mag‘lubiyatga uchratishi kerak.

Milliy terma jamoaga chaqiriladigan o‘yinchilaring imkoniyatlarini tahlil qiladigan guruh bormi? (ayni damda kim yaxshiroq sport formasida ekanligini aniqlash uchun)

- Bor. Milliy terma jamoa shtabida ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish guruhi bo‘lib, bu ish bilan Grigoriy Kolosovskiy va Farhod Abduqodirov shug‘ullanishadi. Ularning asosiy vazifasi futbolchilarning fiziologik funksional holatini aniqlash, ularning jismoniy salomatligini monitoring qilish kabi ishlardan iborat.

 - Nega natijasi past bo‘lsa ham Lobanov, Sergeyev, Hoshimov va Andreyev kabi o‘yinchilarga terma jamoada joy kafolatlangan?

- Hech qaysi jamoada hech kim uchun joy kafolatlanmagan. Qaytaraman, kafolatlanmagan. Terma jamoaning asosiy tarkibini tuzish vakolati faqat bosh murabbiyga berilgan. Tarkibni mavsumning borishi, futbolchilarning ahvoli, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining yakuniga qarab faqat bosh murabbiy aniqlaydi. Bosh murabbiy kimni tayyor ko‘rsa, o‘sha futbolchini maydonga tushiradi. Qaysi futbolchi bosh murabbiy jamoada joriy qilgan o‘yin uslubi, o‘yin falsafasi va talablariga javob bersa, o‘sha futbolchi o‘ynaydi.

O‘FFda Jahon chempionatiga yo‘llanma juda kuchli siyosiy obro‘ ekanligi haqida tushuncha bormi?

- Bor. Bu faqat siyosiy obro‘ bo‘lganligi uchun emas, eng avvalo, xalqimizning azaliy orzusi ekanligi, qolaversa, bu narsa mamlakatimizda futbolning keyingi rivojiga katta turtki bo‘lishi mumkinligini to‘g‘ri anglagani uchun ham jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boramiz.

JChni o‘rtacha 5 milliard inson kuzatadi, bu katta turistik bozor ekanligini bildiradi... (O‘zbekistonni reklama qilish nuqtai nazaridan)

- Bor. Lekin, biz aynan turistik bozor uchun emas, eng avvalo O‘zbekiston futboli jahon futboli forumida ishtirok etishini ta'minlash uchun ish olib boryapmiz.

Germaniyadagi transfermarkt.de sayti ma'lumotiga ko‘ra, Lobanov, Sergeyev, Hoshimov va Andreyev transfer narxlariga o‘rtacha 200 ming yevrodan qo‘shilgan. Bu ishqibozlarda “Babayan o‘ziga qarashli futbolchilarni narxini oshirish uchun milliy jamoada o‘ynatyapti” degan fikrni keltirib chiqarmoqda.

- Futbolchilar klublar bilan shartnoma imzolaydilar va ular klublarga tegishli hisoblanadi. Siz aytayotgan futbolchilar “Paxtakor” jamoasiga tegishlidir. Samvel Babayan esa O‘zbekiston milliy terma jamoasida ish boshlaganidayoq “Paxtakor”dagi lavozimidan ketgan. Shu sababli ham bu taxminlar asossiz.

 - Nega to‘rtta mag‘lubiyatdan keyin ham Babayan iste'foga chiqarilmayapti?

- Birinchidan, Samvel Babayan bilan saralash o‘yinlarining oxirigacha shartnoma tuzilgan va agarda u o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalay olmagan taqdirda iste'foga chiqarilishi mumkin. Lekin, ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasida jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat mavjud va bu imkoniyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmadi. Bunda jamoa murabbiylar shtabining roli katta. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun asosiy raqobatchimiz – Janubiy Koreya terma jamoasining ahvoli bizdagidan yomonroq. Chunki, ularning taqdiri o‘z qo‘lida emas. O‘zbekiston terma jamoasining taqdiri o‘z qo‘lida. Qolgan 2 o‘yinni yutsa, Koreyaning natijasidan qat'i nazar jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma qo‘lga kiritiladi. Koreya, masalan, Qatar bilan o‘yinlarda 3 ochko oldi. O‘zbekiston esa 6 ochko. Ana shu jihatlarni inobatga olib, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo‘mitasi byurosi 15 iyun kuni Samvel Babayanni o‘z lavozimida qoldirish haqida qaror qabul qildi.

 - Milliy terma jamoaning faoliyatini shaffof qilish imkoniyati bormi? (qaysi o‘yinchi qaysi karomatiga chaqirilganini aytish)

- Terma jamoaga qaysi futbolchilarni chaqirishni va nima xizmatlari uchun chaqirishni faqat bosh murabbiy hal qiladi. Buning uchun murabbiy milliy chempionat o‘yinlarini borib kuzatadi. Parallel o‘yinlarga esa yordamchilarini jo‘natadi. Legionerlarning o‘yinlarini ham o‘sha mamlakatga borib ko‘rib keladi. Barcha nomzod futbolchilarning ro‘yxati tayyor bo‘lgach, murabbiylar shtabi bosh murabbiyning o‘yinga bo‘lgan talablari, o‘yin falsafasi, taktikasi va raqibga qarab pozitsiyalarga nomzod bo‘lgan futbolchilarga toifalaydi. Yakunda esa, o‘z pozitsiyasidagi eng kuchli 23 nafar futbolchi tanlab olinadi va ularning ro‘yxati doimiy ravishda OAVda e'lon qilinadi. Qaysi futbolchini nima xizmatiga chaqirilganligi haqidagi savollar tug‘ilsa, jurnalistlar matbuot anjumanlarida bunga javob olishlari mumkin. Lekin, hech bir mamlakatda bosh murabbiy 23 nafar futbolchini qaysi xizmati evaziga chaqirgani haqida tushuntirish bermaydi. Chunki, bosh murabbiy tarkib tanlashda daxlsizlikka ega bo‘lib, uning ishiga hech kim aralasha olmaydi.

O‘zbekistonda futbol birinchi raqamli sport turi. Ishqibozlarning noroziligi aholi kayfiyatiga ta'sir qiladi...

- Sport faqat g‘alabalardangina iborat emas. Futbolda, ayniqsa, g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Hech kim bugun yutqazaman yoki ochko yo‘qotaman deb maydonga chiqmaydi. Hech kim bugun ishqibozlarimizda norozilik kayfiyatini uyg‘otamiz deb o‘ynamaydi. Hamma faqat bitta istak - g‘alaba uchun maydonga tushadi. Lekin, sportda kimdir yutishi, kimdir yutqazishi kerak. Bu o‘yin qoidasi. Bir kun g‘alaba, bir kun mag‘lubiyat. Haqiqiy ishqibozlar mag‘lubiyatga uchralganda ham qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turishadi. Ularga alohida tashakkur.

JCh yo‘llanmasi qo‘lga kiritilmasa, buning uchun aniq javob beradigan shaxslar bormi? Bo‘lsa ular kimlar? Agar bo‘lmasa, nega bunday javobgarlar yo‘q?

- O‘zbekiston Ijroiya Qo‘mitasining 2015 yil 25 iyundagi majlisi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun eng avvalo bosh murabbiy va uning shtabi mas'uliyatni o‘z bo‘yniga oladi.

O‘FF so‘nggi press-konferensiyasida milliy terma jamoa murabbiylik shtabi va federatsiya rahbariyati sentabr oyigacha o‘zgarishsiz qolishi haqida bayonot berildi. O‘zgarishlar sentabr oyida ko‘rib chiqiladimi?

- Ha, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 15 iyundagi qaroriga ko‘ra sentabr oyida Federatsiya faoliyatida o‘zgarishlar bo‘ladi.

Hanuzgacha dolzarb bo‘lib turgan muammo O‘zbekiston oliy ligasi saviyasini ko‘tarish va milliy chempionat o‘yinlariga muhlislarni jalb qilish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishi kerak?

- Bu juda katta mavzu va buning uchun nimalar qilish kerakligini biz sentabr oyida e'lon qilinadigan futbolni yanada rivojlantirishning yangi dasturiga kiritganmiz.

- Nima uchun milliy chempionatimizning aksariyat klublari haligacha davlat byudjyetidan moliyalashtirilmoqda?

Chunki, dunyo tajribasiga ko‘ra, klublar byudjyetining 65 foizini translyatsiyadan tushadigan daromad tashkil qiladi. O‘zbekiston futbolida esa O‘zbekiston professional futbol ligasi klublari translyatsiyadan bir so‘m ham daromad qilmaydi. Chunki, translyatsiyani sotib olish tugul, Oliy liganing Toshkentdan tashqaridagi o‘yinlarini jonli ko‘rsata olish imkoniyati yo‘q bizning telekanalda.

Bizga ma'lumki, oldinlari sobiq ittifoq davlatlari qatori bizda ham futbolning sovet maktabi (sovetskaya shkola) asosida futbolimiz shakllangan edi. Mana, 25 yildirki, o‘zbek futboli mustaqil rivojlanmoqda. Aytingchi, shu davr mobaynida o‘zbek futbol maktabi shakllandi, deb ayta olamizmi?

- Bemalol ayta olamiz. Bugungi kunda futbolni rivojlantirishning o‘zbekcha uslubi ham paydo bo‘lgan. Xitoy, masalan, o‘z vakillarini jo‘natib, kichik byudjyet bilan futbolni qanday rivojlantirish mumkinligini o‘rganish uchun kelib, qator maqolalar chop etishdi. Bu maqolalar seriyasi matbuotda ham e'lon qilindi.

Terma jamoada seleksiya jarayoni nima uchun sezilarli emas? 

- Terma jamoada seleksiya ishlari muntazam amalga oshiriladi. Lekin, tarkibni bosh murabbiy aniqlaydi. Nomzod futbolchilar doimiy ravishda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga taklif qilinadi.  

- Terma jamoada skautlar o‘zi bormi?

- Bor. Skautlar bolalar va o‘smirlar futboli turnirlari, yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati, hududiy futbol birinchiliklari, 1-liga va oliy o‘yinlarini kuzatgan holda yangi nomlarni izlaydilar. Yangi nomzod futbolchilar ro‘yxati murabbiylar shtablariga taqdim etiladi. Nomzodlarni terma jama a'zoligiga tasdiqlash bosh murabbiyning vakolati doirasidagi masaladir.

Nega terma jamoada yangi nomlarni deyarli uchratmaymiz?

- Terma jamoaga doimiy ravishda yangi futbolchilar taklif qilinadi. Chunki, futbol shuni toqazo etadi. Kun kelib qaysidir futbolchi sariq kartochkasi yoki diskvalifikatsiya sababli o‘ynay olmasligi mumkin, yana kimdir jarohat olib safdan chiqishi mumkin, yoki kimdir yoshi sababli terma jamoadan ketadi. Mana shunday hollarda terma jamoadagi yangi nomlar o‘z imkoniyatlaridan foydalanishadi. Masalan, yaqindagina Timur Kapadze terma jamoa bilan xayrlashdi. Uning o‘rniga esa yoshlardan “Bunyodkor” va o‘smirlar, yoshlar terma jamoalarida o‘ynab kelgan Otabek Shukurov terma jamoaning yangi a'zosiga aylandi. Rossiyaning “Anji” klubi a'zosi Vadim Afonin ham terma jamoaning yangi nomlaridan biri. Yangi nomlarsiz kelajakni qurib bo‘lmaydi. Shu sababli ular doimiy nazorat ostida va vaqti kelishi bilan ular terma jamoaga taklif qilinadi. Oxirgi yig‘indagi masalan, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan “Qo‘qon-1912” futbolchilari Javohir Siddiqov va Murod Holmuhammedovni navbatdagi yangi nomlar sifatida e'tirof etish mumkin.

Avlodlar almashinuvidagi turg‘unlik sabablari nimada?

Bugungi kunda avlodlar almashinuvida turg‘unlik yo‘q. Chunki, bugungi kundagi terma jamoa futbolchilari bir vaqtlar o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan futbolchilardir. Agarda masshtabni kengroq oladigan bo‘lsak, siz aytayotgan turg‘unlik yo‘qligini ko‘rish mumkin. Masalan, biz birinchi marta 2003 yilda jahon chempionatida qatnashganmiz. O‘shanda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi BAAda bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. O‘sha jamoada o‘ynagan 20 futbolchidan 15 nafari keyinchilik milliy terma jamoa sharafini himoya qildi va hozirgi kunda ham Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix, Kamoliddin Tojiyev, Marat Bikmayev kabi futbolchilar asosiy jamoaning a'zosi sanaladi. 

2009 yilda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Misrdagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chiqdi. Turnirda qatnashgan 21 futbolchidan 10 nafari milliy terma jamoaga jalb etildi va ular orasida Sherzod A'zamov, Sherzodbek Karimov, Sardor Mirzayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Murod Xolmuhammedov kabilar yangi avlod vakillari sifatida keldilar.

2011 yilgi Meksikadagi jahon chempionatidagi tarkibdan bugungi kunga kelib 6 nafar futbolchi milliy terma jamoaga jalb etildi. Ularning aksariyati bugungi kunda oliy liga klublarida o‘ynashmoqda. Bir futbolchi faoliyatini tugatgan, yana bir futbolchi esa Ukrainaning “Chernomorets” jamoasi sharafini himoya qilayapti.

Nega yoshlar yoki o‘smirlar terma jamoasida porlagan yosh futbolchilarimiz tez so‘nib, keyinchalik umuman ko‘rinmay qolmoqda?

Yuqorida men bu haqida gapirib o‘tdim. Hozirgi tarkibga qaraydigan bo‘lsak, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarida o‘ynagan bir qator futbolchilar milliy terma jamoaga bo‘lgan katta va ulkan yo‘lni bosib o‘tishdi.

Bugungi kundagi Aziz Haydarov, Odil Ahmedov, ulardan yoshroq Yegor Krimets, Islom To‘xtaxo‘jayev, Davron Hoshimov, Fozil Musayev, keyingi avlod – Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Javohir Siddiqov, Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov kabi terma jamoa futbolchilari o‘smirlar va yoshlar terma jamoalaridan kelishgan.

Futbolchi uchun eng murakkab narsa yoshligidagi yaxshi o‘ynab, kattalar darajasiga kelganida yo‘qolib qolishdir. Chunki, bunday paytda bolalarning yulduzlik kasali tutib qolishi mumkin, yoki mashg‘ulotlarga jiddiy munosabatda bo‘lmasligi mumkin. Organizm esa o‘saveradi va yakunda fursat boy beriladi. Eng kuchli iroda sohibi, azaliy orzusini amalga oshirishda tinmay mehnat qiladigan va kamtar bo‘lgan futbolchilargina o‘smirlar, yoshlar va milliy terma jamoa kabi katta yo‘lni bosib o‘tishadi.

Nega O‘FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochishadi? Tezkor bayonotlarga va ochiq muloqotga qanday omillar to‘sqinlik qilmoqda?

O‘FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochishmaydi. Birinchidan, har bir musobaqa reglamentida o‘yin-oldi, o‘yindan keyingi matbuot anjumanlari, flesh-intervyu, mikst zonadagi qisqa intervyu kabi tadbirlar reglament bilan majburiy qilib qo‘yilgan. Ikkinchidan esa, O‘FFning matbuot xizmati bor. Ijtimoiy tarmoqlarda ham alohida akkauntlar bor. Rasmiy sayt mavjud. Qolaversa, O‘FF Prezidenti shaxsan eksklyuziv intervyular berib keladi. Ammo, har bir tadbirning o‘rnatilgan tartibi va o‘rni bor. Shunga rioya qilingan holda muloqot amalga oshiriladi.

O‘zbek futbolining kelajakdagi holati yoki zamonaviy til bilan aytganda futbolimiz rivojlanish konsepsiyasi mavjudmi?

Albatta mavjud. Ayni paytda 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan futbolni yanada rivojlantirishning uzoq muddatli dasturi tuzib chiqilgan bo‘lib, ushbu dastur yuzasidan sentabr oyidagi O‘FF Konferentsiyasida ommaga tushuntirish beriladi.

Top