10:10 / 21.06.2017
13247

«PSJ» Ronaldu uchun asosiy da'vogarga aylandi

«PSJ» «Real»dan Krishtianu Ronalduni sotib olish uchun harakat qilmoqda. Bu haqda L'Equipe nashri xabar tarqatdi.

Bundan avvalroq «qaymoqranglilar» jamoasi himoyachisi Pepe o‘z vatandoshi Ronalduni o‘zi bilan birga Parijga yo‘l olishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.

Portugaliyalik futbolchining «Real»dagi kelajagi ayni vaqtda aniq emas. U Ispaniya prokuraturasi tomonidan 2011 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan muddatda jami 14,7 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lamaganlikda ayblanmoqda. Matbuotda Ronaldu bu mablag‘larni o‘zi tomonidan 2010 yilda tashkil etilgan firma orqali yashirgani haqida yozildi. Ronaldu o‘z imij huquqi orqali topilgan pullarni davlatdan yashirgan bo‘lishi mumkin. U jami 4ta jinoyatni sodir etishda ayblanmoqda va unga 5 yillik qamoq jazosi tahdid qiladi.

Ushbu xabarlardan keyin Ronaldu «Real»ni tark etishga qaror qilgani haqida xabar paydo bo‘ldi.

Avvaliga unga asosiy da'vogar sifatida «Manchester Yunayted» jamoasi tilga olinayotgandi, ammo manchesterliklarning hozirgi murabbiyi Joze Mourino va futbolchi o‘rtasidagi munosabatlar bu transfer ehtimolini yo‘qqa chiqardi.

«PSJ» esa bu vaqtda futbolchi transferi uchun 140 million yevro sarflashga tayyorligini bildirgan. 

31 iyul kuni, Konfederatsiyalar kubogidan qaytgach, Krishtianu Ronaldu sudga boradi.

Top