16:52 / 21.06.2017
6538

Sodiq Safoyev: "ShHT - keng mintaqa xalqlarining yuzaga kelgan muammolarga nisbatan mushtarak javobi" 

Foto: "Kun"

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) asrimizning tengdoshi. U insoniyat nihoyatda muhim davrga o‘tayotganida tuzildi, desak xato bo‘lmaydi. ShHT tashkil etilganda insoniyatning globallashuv jarayoni shiddat bilan rivojlangan. Ilgarigi geosiyosiy tuzilmalar qulab, yangi tahlikalar paydo bo‘lgan bir davrda ShHT - bizning keng mintaqamiz xalqlarini yuzaga kelgan muammolarga nisbatan mushtarak javobi, deb aytsak bo‘ladi. Oliy Majlis Senatining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 21 iyun kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi  yig‘ilishda shunday bayonot bilan chiqdi. Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri shu haqida ma'lum qildi. 

"Muammolarning aksariyati bugun xalqaro ko‘lamdagi tahlikalar - xalqaro terrorizm, narkobiznes, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik natijasidir - bular xalqaro miqyosdagi tahlikalar bo‘lganidan keyin ularga nisbatan javob ham ko‘p tomonlama, ya'ni bir necha davlatlar xatti-harakatlarini o‘z ichiga qamrab oladigan dasturlardan iborat bo‘lishi kerak. ShHT aynan shunday tashkilot, u bugungi kunda har bir insonni bezovta qiladigan muammolarni yechishga qaratilgan bir tuzilmadir" - deydi spiker. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona sammitidagi nutqida oxirgi 16 yil mobaynida ShHT dunyo hamjamiyatining eng nufuzli, obro‘li va bugungi kunda tinchlik, barqarorlik uchun kurashayotgan eng muhim, ko‘p tomonlama tuzilmalardan biriga aylanganini ta'kidlagan. Bugungi kunda ShHTga juda katta e'tibor qaratilmoqda, nafaqat unga a'zo davlatlar, balki kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar - Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, shuningdek hamkor davlat maqomiga ega bo‘lgan Ozarboyjon, Nepal davlatlari, xalqaro tashkilotlar ham shular jumlasidandir. Masalan, Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitda BMT bosh kotibi Antonio Gutterish ham ishtirok etdi.

"Ostonadagi ShHT sammiti yakunlarini hech mubolag‘asiz tarixiy ahmiyatga ega bo‘lgan forum deb aytsak bo‘ladi. Birinchi bor ShHT safi kengaydi. Ikki buyuk davlat - Hindiston va Pokiston to‘laqonli a'zo sifatida tashkilotga qabul qilindi. Bugun ShHTning ko‘lami 3 milliard kishini o‘ziga qamrab olgan hududlarni birlashtiradi. 

Albatta, mintaqaviy buyuk davlatlarning bu tashkilotga kelishi yana bir bor ShHT mavqeini va uning dunyodagi ta'sirini ko‘rsatmoqda. 

O‘ylaymanki, ShHTning Ostonadagi sammitidagi ahamiyatli jihatlaridan biri - Prezident Shavkat Mirziyoyevning undagi ishtiroki bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning yangi Prezidentining eng yuqori darajali uchrashuvdagi birinchi ishtiroki hisoblanadi va bu keng xalqaro jamoatchilik va  ekspertlar e'tiborini jalb qildi. 

Ta'kidlash joizki, ShHT faoliyatida qatnashish, uning platformasidan O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish, himoya qilish uchun foydalanish hozir yangilangan O‘zbekiston tashqi siyosatiga to‘liq mos keladi. 

Ostona sammiti yakunlari bo‘yicha 11 ta hujjat qabul qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining ilgari surgan tashabbuslaridan bittasi ham chetda qolgani yo‘q, ularning har biri hujjatlarda o‘z aksini topgan. Keng xalqaro hamjamiyat, ekspertlar va OAVda O‘zbekiston Prezidentining nutqiga e'tibor alohida bo‘ldi va u yuqori baholandi", - deya so‘zlarini yakunladi S.Safoyev. 

Mavzuga oid
Top