17:53 / 24.06.2017
25757

Oliy harbiy ta'lim muassasalarida bitiruvchilarni kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosimlar bo‘lib o‘tdi

Mudofaa vazirligiga qarashli barcha oliy harbiy ta'lim muassasalarida navbatdagi bitiruvchilarni Qurolli Kuchlar qo‘shinlariga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosimlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mudofaa vazirligiga qarashli barcha oliy harbiy ta'lim muassasalari – Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetida navbatdagi bitiruv munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda Mudofaa vazirligi rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, ota-onalar ishtirok etib, egniga ofitserlik libosini kiygan o‘g‘lonlarga yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarda muvaffaqiyatlar tilashdi.

Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar tufayli mamlakat ofitserlar tarkibi o‘zining dunyoqarashi, bilim va tajribasini doimiy ravishda kengaytirib, yuksak kasbiy malaka va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga, mantiqiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lib bormoqda va o‘z oldida turgan vazifalarni hal etishda nostandart yondashuvlarni faol qo‘llashga qodir bo‘lmoqda.

Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalarida 28 mutaxassislik bo‘yicha ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi zamonaviy yutuqlardan foydalangan holda o‘quv jarayonlariga ta'limning innovatsion shakl va usullari joriy etilayotgani harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini eng yangi metodlar asosida takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Bu esa bo‘lg‘usi ofitserlarni Vatanga, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Tantanali tadbirlarda estrada xonandalari ijro etgan kuy va qo‘shiqlar, harbiy orkestrlar hamda harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarda iliq taassurotlar qoldirdi.   

Top