17:42 / 26.06.2017
16565

Andijonda o‘zbek-qirg‘iz chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Foto: Sputnik

2017 yilning 25 iyun kuni Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumat delegatsiyasi ishchi guruhi va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumat delegatsiyasining topografiya va yer tuzish ishchi guruhi o‘rtasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar samarali yakunlandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat chegarasi to‘g‘risidagi oraliq bitimga kiritiladigan chegara chizig‘i uzunligini aniqlashni tezlashtirish maqsadida, texnik va jismoniy faoliyat hajmining kattaligini inobatga olgan holda hamda O‘zbekiston Respublikasining Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘iziston Respublikasining Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlari tutashgan hududlardagi davlatlar chegaralarining muhokama qilinadigan uchastkalarini murakkabligi sababli o‘zaro kelishuvga binoan muzokaralar o‘tkazish, qo‘shma dala tekshiruvlari va geodeziyaviy hisoblash ishlari muddati ikki kunga cho‘zildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan 2017 yil 9 iyunda Ostona shahrida ShHT Sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlar natijasida yuzaga kelgan konstruktiv qarash va ishchan muhit tomonlarga kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul qarorga kelish imkonini yaratdi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra tegishli bayonnoma imzolanishi ham buni yana bir bor tasdiqlaydi.

Mavzuga oid
Top