BMW – har bir avto sohibining orzusi. Bu orzuning ishlab chiqarilishi ichkaridan qanday ko‘rinadi? BMWning dasturiy ta'minot bo‘yicha muhandisi, o‘zbekistonlik Shokir To‘laganov eng yirik avtokonsernlardan biriga ishga qanday joylashgani, u yerda ishlashning o‘ziga xos jihatlari va kompaniyaning kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi, deb yozadi Kommersant.uz.

Foto: Kommersant.uz

Aviatsiya, “Yunyy texnik”, Apple

Bolaligimda samolyotsoz bo‘lishni xohlardim. Otam Chkalov nomidagi TAIBda va 243-aviata'mirlash korxonasi (hozirgi Uzbekistan Airways Technics)da ishlardi. U Il-76 samolyotini yaratish va unga xizmat ko‘rsatish, An-124 Ruslan va An-224 Mriya uchun qanotlar tayyorlash bo‘yicha ishlagan. Kichikligimdan meni bu korxonalarga tez-tez olib borar, aerodinamika asoslarini, qanotlar tuzilishini va samolyotlarning boshqa xususiyatlarini tushuntirardi. Yetti yoshligimda men ko‘zimni yumib turib, har qanday sovet samolyotlari turini dvigatelining ovozidan aniq aytib bera olardim.

O‘n yoshimdan aviamodellashtirish to‘garagiga qatnaganman, bo‘sh vaqtimni butunlay o‘sha yerda o‘tkazardim: planerlar, turli samolyotlar yasardim, barcha shahar va respublika musobaqalarida qatnashardim. Hozirgidek yodimda – ba'zida o‘zim yiqqan ichki yonuv dvigatelili samolyotni uyga olib ketganimda, Qoratoshdagi mahalla bolalari meni o‘rab olib, samolyotni uchirishni so‘rashardi. Aviatsiyaga qiziqishim hanuz so‘nmagan – aviasalonlarga muntazam qatnayman.

To‘qqizinchi sinfda hisoblash texnikasi va dasturlashga tasodifan qiziqib qoldim. Informatika darsida dastlab hech narsaga tushunmadim. O‘qituvchimiz Sabina Anatolevna sodda tuzilmaviy diagramma chizmasini miyamga joylash uchun uzoq va jiddu jahd bilan harakat qilgandi. “Pravets” kompyuterlaridagi Beysik tili haqida gap ham yo‘q edi u paytlarda. Bir kuni algoritm nimaligini bilib olishga qaror qildim. Bu muayyan qoidalarga bo‘ysunuvchi amaliyotlarning mantiqiy zanjiri ekanligini tushunganimda, ko‘z oldim charog‘on bo‘ldi va masalalarni ketma-ket hal qila boshladim. Bolaligimdan “Yunyy texnik” jurnaliga obuna bo‘lardim, otam yig‘ib qo‘ygan, 50- va 60-yillardagi sonlari ham saqlanib qolgandi. Ularda EHM haqida ko‘p yozilardi, o‘sha yerdan qiziqarli masalalarni topib yechishga odatlandim.