08:40 / 27.06.2017
7455

Samsung smartfonni simsiz quvvatlash qurilmasiga aylantiruvchi texnologiyaga patent oldi

Samsung kompaniyasi smartfonni simsiz quvvatlash qurilmasiga aylantirishga imkon beruvchi texnologiyaga patent oldi. Bu haqda Digital Trends nashri xabar bermoqda. 

Taxmin qilinishicha, yangi texnologiya Samsung aqlli soatlarining keyingi avlodi – Gear S4’da qo‘llanishi mumkin, chunki bugungi kunda barcha taqib yuriluvchi qurilmalarning bosh muammosi ularning avtonom ishlashi vaqti ozligi hisoblanadi.

Patentga ko‘ra, soatlarni quvvatlash uchun uni smartfon korpusiga qo‘yish kifoya qiladi. Bu qurilmaning kattaroq akkumulyator qo‘llamagan yoki unumdorligini kamaytirmagan holda avtonomligini oshirishga imkon beradi.

Digital Trends’ning ta'kidlashicha, texnologiya hozircha bilakka taqilgan soatlarni cho‘ntakda turgan smartfondan quvvatlanishini ta'minlashga qodir emas, energiya uzatilishi uchun ikki qurilma albatta bir-biriga tegib turishi lozim. Biroq Samsung’ning bu texnologiyasi hozirgi bosqichida ham o‘z yonida quvvatlash qurilmasini olib yurish va rozetkalarni qidirish zaruratidan xalos etadi.

Nashrning eslatishicha, hamma patentlar ham hayotda tatbig‘ini topib ketavermaydi, shu sababli ushbu texnologiya ham "qog‘ozda qolib ketishi mumkin". Biroq Samsung Gear S3 soatlari hozirdayoq dok-stansiya orqali simsiz quvvatlanishdan foydalanayotgan bir paytda, akkumulyatorni smartfonga tegish orqali to‘ldirish imkoniyati Gear S4 uchun mantiqiy yechim bo‘lardi.

Mavzuga oid
Top