Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yuldashev Toshkent-Urganch temiryo‘l yo‘nalishi uchun chipta sotib olishdagi sarsongardonligi haqida so‘z yuritdi, deb yozadi Kruz.uz.
Quyida muallifning ana shu posti havola etiladi.
«Barchaga ma'lumki, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanish arzon ish emas, ammo mana shu monopolist yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda chipta sotish bilan shug‘ullanuvchi kassirlarning ish haqini sotgan chiptasining soni va pul tushimiga mutanosib qilib belgilanmas ekan, chipta sotishdagi korrupsiya yo‘q bo‘lmaydi.
Men ayolim bilan Toshkentga davolanish uchun borgandim, davolanish kursi 10 kun, shifoxonadan chiqishimizga 5 kun qolganida Toshkent temir yul vokzalida oldindan chipta sotish bilan shug‘ullanuvchi kassaga bordim va ichki yo‘nalish bo‘yicha chipta sotayotgan 10-kassaga navbatga turdim.
Navbatga turishim mobaynida yarim soatlardan keyin 11-kassaning tushlik vaqti tugab, yoshgina qizcha kassaga kirib keldi. Men o‘zimning va ayolimning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni kassir qizga uzatib, menga 24 yoki 25 iyunga Urganchga 2ta kupening pastki o‘rindiqlari uchun chipta berishini so‘radim. Kassir hujjatlarga bir nazar solib, «siz qoraqalpog‘istonlik ekansiz, shuning uchun Urganchga chipta bera olmayman - Qoraqalpog‘istonga boradigan poyezdlargagina chipta olishingiz mumkin», dedi. Men o‘zimga Urganch qulayligi, Urganch 21 km, Nukus 130 km ekanini aytib, menga Urganchga chipta sotishini talab qildim. U esa «Endi siz bilan gaplashmayman - boring boshqa kassalarga», deb hujjatlarimni oldimga tashladi.
Keyin kassalar bo‘yicha navbatchi smena boshlig‘ini qidirdim, u yo‘q ekan, birozdan keyin kassirlar tarafdagi eshik ochilib, baland bo‘yli, yosh bo‘lishiga qaramay tepa sochi to‘kila boshlagan yirik gavdali, temiryo‘lchilar formasini kiygan yigit chiqib keldi. Men unga «Kassalar bo‘yicha smena boshlig‘i kim?» degan savolimga «Men», deb javob berdi.
Unga vaziyatni tushuntirdim. O‘zimning chernobilchi 2-guruh nogironligim va ayolim diabetik ekanligi aytib, bizga kupe vagonida pastki joylardan 2ta chipta kerakligi hamda 11-kassadagi kassirning harakatlaridan noroziligimni bildirdim.
Bu xodim esa o‘sha kassir qiz «…yebdi» sizga bilet sotishga majbur, boring, smena boshlig‘i aytdi deng», deb o‘zi kimlar uchundir telefondan Rossiyaga chipta topib berish va bu chiptalar qanchaga tushishi haqida tushuntirish bilan ovora bo‘lib ketdi.
















