17:54 / 28.06.2017
22525

«Sirdaryolik fermerlar prezidentning yuksak ishonchi tufayli bug‘doy rejasini bajardi» - Viloyat hokimi

Sirdaryolik g‘allakorlar joriy mavsumda 88 ming gektar yerga g‘alla urug‘i qadab, 25 ish kunida 170250 tonna sara don yetishtirishdi. Davlat shartnomaviy rejasi 101 foizga bajarilib, hosildorlik 50 sentnerni tashkil etdi. Bu haqda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ma'lumot bergan.

"Muhtaram Yurtboshimizning viloyatimizga tashriflari  davomida fermerlarga bergan maslahat va qimmatli tavsiyalari hamda hukumatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan o‘rim kombaynlari keltirilgani  fermerlarimiz erishgan natijalarga asos bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2017 yil 18 maydagi  “2017 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2974-sonli qarorida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar esa 3842 ta fermer xo‘jaligiga ishni to‘g‘ri tashkil etish imkonini berdi.

G‘alla hosilini yetishtirish va davlatga sotishda Boyovut, Sirdaryo, Sayxunobod va Oqoltin tumanlari dehqonlari alohida faollik ko‘rsatib, birinchilardan bo‘lib shartnomaviy rejalarini uddaladilar.

Xususan, yuqori hosildorlikka erishgan Boyovut tumanidagi “Shoyzoq ota”, “Yangi asr” fermer xo‘jaliklarida  hosildorik 80 sentnerni tashkil etdi.  Reja esa 125 foizga uddalandi. “Abdumavlon Doniyorov” fermer xo‘jaligi g‘allakorlari har gektar maydondan  78 sentnerdan xirmon ko‘tarib, rejani 124 foizga yetkazdilar. Sirdaryo tumanidagi “Ixtiyor” fermer xo‘jaligi dehqonlari hosildorlikni 75 sentnerga yetkazib, rejani 115 foizga, “Ergash Eshonqulov” fermer xo‘jaligi 72 sentnerdan hosil yig‘ib olib, rejani 116 foiz, Sayxunobod tumanidagi “Chuchuk suv bo‘yi” fermer xo‘jaligi jamoasi 75 sentnerlik marrani egallab, rejani 120 foiz, “Nurmurod o‘g‘li Ilyos” fermer xo‘jaligi hosildorlikni 70 sentnerga yetkazib, rejani 123 foizga bajardilar.

Said Ahmedov,  Otamurod Jo‘ratoyev, O‘tkir Botirov, Orizimurod Niyatov singari kombayn operatorlari  esa kuniga 100-120 tonnadan g‘alla o‘rib, davlat shartnoma rejasini bajarishga munosib hissa qo‘shdilar.

Ayni paytda fidoyi fermerlarimiz va barcha sirdaryoliklar muhtaram Yurtboshimizning xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan odilona siyosati hamda agrar sohadagi keng ko‘lamli islohotlarini amalda qo‘llab-quvvatlash maqsadida, g‘alla hosildorligini 55 sentnerga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solganlar", deyilgan hokimning hokimlik saytida keltirilgan bayonotida.

Mavzuga oid
Top