07:49 / 28.06.2017
11628

Venesuela oliy sudiga vertolyotdan hujum qilindi

Venesuela poytaxti Karakasdagi oliy sud binosiga politsiya vertolyotidan hujum qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Nikolas Maduro ma'lum qildi, deb xabar bermoqda NTN24.

Venesuela yetakchisi sud binosiga vertolyotdan ikkita granata tashlangani, ulardan bittasi portlamay qolganini ma'lum qildi. Maduroning aytishicha, hujum vaqtida binoda odamlar bo‘lgan. "Bu yuzlab jabrlanganlarga olib kelishi mumkin edi", deb aytdi Maduro.

Bundan tashqari, vertolyot ichki ishlar vazirligi binosi ustidan ham uchib o‘tgan. Maduroning ta'kidlashicha, vertolyotni sobiq ichki ishlar vaziri Migel Rodriges Torres boshqargan. Maduroning aytishicha, Torres "Markaziy razvedka boshqarmasi bilan bog‘langan".  

RIA “Novosti” axborot agentligining ma'lum qilishicha, vertolyot ekipaji "350. Erkinlik" yozuvi bo‘lgan plakatni yoygan. Gap Venesuela konstitutsiyasining 350-moddasi haqida ketib, unda hokimiyat demokratik qadriyatlar, tamoyillar va kafolatlar hamda inson huquqlarini buzganda Venesuela fuqarolari uni tan olmasliklari mumkinligi haqida gapirilgan.

Maduro ushbu hujumni terakt deb atagan va maxsus xizmatlardan tegishli choralar ko‘rishni talab qilgan.

Mamlakat muxolifati Maduroning iste'fosini talab qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top