«GM Uzbekistan» AJning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati Facebook’dagi sahifasida faoliyatga doir rasmiy xabarnoma e'lon qildi.
“So‘nggi kunlarda bir qator elektron ommaviy axborot vositalari tomonidan GM Uzbekistan AJ faoliyatiga doir, xususan savdo tizimidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan bir qancha maqolalar chop etildi. OAV vakillari tomonidan so‘nggi paytlarda bizning sohada sodir bo‘layotgan jarayonlarga tanqidiy va eng e'tiborlisi, tahliliy yondashuvlarini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaymiz va konstruktiv ruhdagi ochiq muloqotga tayyor ekanligimizni ta'kidlab o‘tamiz”, - deyiladi xabarnomada.
GM Uzbekistan shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, ushbu maqolalarda keltirilgan eng dolzarb masalalarga ochiqlik kiritdi.
1. Ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar narxini AQSh dollariga bog‘lash iqtisodiyot sub'yektlari tomonidan keng qo‘llanilib kelinayotgan amaliyot bo‘lib, ko‘pchilik uchun yangilik emas. Masalan, milliy aviakompaniya, mobil aloqa operatorlari, internet provayderlari, turistik firmalar o‘z tovar va xizmatlari uchun tariflarini erkin konvertatsiyadagi xorijiy valyutada, AQSh dollari yoki Yevroda belgilaydilar. To‘lovlar Markaziy bankning to‘lov sanasidagi rasmiy kursi asosida milliy valyutada amalga oshiriladi.
Shu bilan birga ta'kidlab o‘tish joizki, avtomobil uchun oldindan to‘lovning minimal miqdori (85 foiz) amalga oshirilgandan keyin to‘lovning qolgan qismiga valyuta kursi o‘zgarishi ta'sir qilmaydi va avtomobil uchun to‘lov shartnoma tuzilgan kundagi kurs asosida amalga oshiriladi, ya'ni avtomobil narxi o‘zgarmaydi.
2. Avtomobillar narxlari avvalambor ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlardan, davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar, shuningdek, avtomobillarning minimal rentabelligining muvofiqlashtirilgan darajasidan kelib chiqib shakllanadi.
Narxlarni asoslashda hamda avtomobillarni ishlab chiqarish va sotish davomida paydo bo‘ladigan xarajatlarini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilinadi.
Shu bilan birga, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tabiiy monopoliya sub'yekti bo‘lgan GM Uzbekistan faoliyati ustidan, xususan, avtomobil narxini belgilash hamda narxlarni kelishilgan me'yorlarini qo‘llash tartibiga rioya etilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq davlat nazorati amalga oshiriladi.










