O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qarori ijrosini ta'minlash hamda mintaqada ishlab chiqarish, mavjud texnika va texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatishning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, muhandislik ta'limini rivojlantirishda jahon tajribasini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘grisida” 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qaroriga muvofiq Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali (keyingi o‘rinlarda Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali deb ataladi) tashkil etiladi.

Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;

iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;

xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;

qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta'lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.