O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi, endilikda Farg‘onaning «Neftchi» klubini boshqarayotgan Vadim Abramov JFL.uz internet-nashriga intervyu berdi. Murabbiy bugungi terma jamoa, klubdagi faoliyati va yana ko‘p narsalar haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Nimaga uzoq vaqt futboldan chetda bo‘ldingiz?
– Avvalo, futbolga qaytganimdan xursandman. Men uzoq vaqt takliflarni kutdim. O‘yladimki, futbolimizda muammo bor va meni klublar chaqirishadi deb, lekin adashgan ekanman. Futbolda hammasi yaxshi ekan va hech bir klub menga taklif bilan chiqmadi. Keyin Buxorodan taklif keldi, lekin o‘sha vaqtda oilam bilan bog‘liq muammolar sabab u yerda ishlay olmadim. Nihoyat «Neftchi» taklif bilan chiqdi va men uni qabul qildim. Bu yer men uchun begona emas, Farg‘onada avval ham ishlaganman. Shunday qilib «Neftchi»ga mavsum oxirigacha yordam berishga qaror qildim.

– Toshkent jamoalaridan taklif kutganingiz rostmi?
– «Lokomotiv»dan taklif kutganim yo‘q, lekin «Paxtakor» va «Bunyodkor»dan kutganim rost. Afsus ular taklif bildirishmadi.

– Farg‘onalik muxlislar sizning kelishingizdan xursand bo‘lishdi. U yerda sizga aniq qanday vazifa qo‘yishdi?
– Jamoa kubokda kurashni davom ettirmoqda va bu juda yaxshi. Men hozir jamoam qandaydir sovrin uchun kurashadi deb ayta olmayman. Men afsungar emasman, axir. Hali endi futbolchilar bilan tanishyapman. Ularni bilib olishim kerak. Axir har qanday taktika ham ijrochilar asosida quriladi. Afsuski jamoada til bilan bog‘liq muammolar ham bor. Barcha yigitlar rus tilini taktikani tushunadigan darajada tushunishmaydi. Men o‘zbekchaga, ular ruschaga moslashib ketishsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

– «Dinamo» bilan debyut o‘yiningizda «Neftchi» to‘pni yaxshi nazorat qildi, lekin shunga qaramay, imkoniyatni boy berdi. Bu o‘yinda legionerlarni ham maydonga tushirmadingiz.
– Legionerlar borasida hammasi aniq. Ular mahalliy futbolchilardan hech qanaqasiga ustun emas. Menimcha, legioner o‘zimizning futbolchilardan kuchli bo‘lmasa, ularni ushlab o‘tirishdan mantiq yo‘q. «Lokomotiv» bilan ham Chempionlar Ligasidan chiqib ketganimizdan keyin legionerlarga javob bergandik. Chunki bizda terma jamoa uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchilar bor edi. Bu yerda ham shunday.