“Avtomobilimning pulini alohida chiqarib tashlagandan keyin, uchta sherikka 100 milliondan pul qoldi. Hozir sheriklar bilan keyingi yilda ham mosh ekishga kelishib qaytyapman”,– deb hikoya qiladi Kommersant.uz suhbatdoshi.

Yurgan daryo… deyishgan donolarimiz. Shu sababli bo‘lsa kerak, dam olish yoki bayram kunlari Samarqandga borib, ota-onamni ko‘rib, ularning duolarini olishni afzal ko‘raman. Jannatmonand yurtimizning poytaxti azim Toshkentdan ko‘hna Samarqandgacha bo‘lgan keng va ravon yo‘lda qayergadir otlangan insonlar bilan gurunglashib ketsangiz, yo‘lning uzoqligini his qilmaysiz.

Havaskor fermer

Bir safar Toshkentga kelayotganimda, uch nafar yosh yigit qo‘l ko‘tardi. Avtomobilni yo‘l chetida to‘xtatdim. Ulardan biri kelib: “Aka, Toshkentdan kelgan mehmonimiz bor edi. Poytaxtga ketayotgan bo‘lsangiz siz bilan uyiga yetib olsa, deb to‘xtatgan edik”,– dedi. Men rozi bo‘ldim. Mehmon yigit o‘rtoqlari bilan xayrlashib avtomobilga o‘tirdi. Avtomobil ohista joyidan qo‘zg‘aldi. Bir maromda oqayotgan Sirdaryodan o‘tdik hamki, ko‘rinishidan oliy ma'lumotli, shaharliklarga xos kiyingan yigit jim ketmoqda edi. Oxiri uni suhbatga tortdim.

– Sirdaryoga kursdoshlarnikiga kelganmidingiz?

– Yo‘q, shu yerda bir ish boshlagandik. Shu ish bahona ular bilan yaqindan tanishib qoldik.

– Iye, odatda ish boshlayman deb odamlar poytaxtga borishadi, siz esa shunday imkoniyatlar shahri Toshkentdan kelib, Sirdaryoda ish ochdingizmi?!

Bu gapimga hamrohim kulib qo‘ydi-da, boshlagan ishi, bu ish uchun aynan nima uchun Sirdaryoni tanlaganini hikoya qilishga tushdi.

– Oldin Toshkentda kattagina issiqxonamiz bor edi. Yaqin yillardan boshlab issiqxonalarni isitish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgandan keyin bu ishni yig‘ishtirib qo‘ygandik.

Bilasiz, bekor o‘tirgandan ko‘ra, bekor ishlagan yaxshi. Hali uylanishim, alohida uy-joy qilishim kerak. Poytaxtda esa nikoh to‘yini o‘tkazish, yangi uy sotib olish oson emasligini bilsangiz kerak. Bular uchun mablag‘ni qanday topsam ekan deb ko‘p o‘yladim. Yirikroq biznes boshlay desam, qo‘limda yetarli dastmoya ham yo‘q edi. Shunda uzoq o‘ylab o‘tirmay, o‘zim minib yurgan “Lacetti” avtomobilini bozorga olib chiqdim.