«Paxtakor» bosh murabbiyiga aylangan Shota Arveladze klub rasmiy sayti uchun intervyu berdi.
- «Paxtakor» va O‘zbekistondagi dastlabki taassurotlaringiz qanday?
- Birinchi navbatda menga O‘zbekistonda ishlash va yashashga imkoniyat taqdim etgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Alohida tashakkurimni esa klub Prezidenti Bobur Kabulovich Shodiyevga yo‘llayman. U qisqa vaqt ichida «Paxtakor» uchun ko‘p narsalar qilishga ulgurdi va meni klubning kelajagi ajoyib ekaniga ishontira oldi.
O‘zbeklar juda mehmondo‘st xalqligini oldindan bilardim. Toshkentdagi qisqa davr mobaynida bunga yanada ko‘proq amin bo‘ldim. Shunday ekan, hammasi ajoyib va kayfiyatim a'lo darajada.
- «Paxtakor»dan taklif siz uchun kutilmagan bo‘ldimi?
- Ha, bu klubdan taklif tushishini kutmagandim. Hayot shunday narsa, unda turli holatlar ro‘y beradi. Menga kutilmagan jihatlar yoqadi.
- O‘zbekistonga kelishdan oldin yurtimiz va uning futboli haqida nimalarni bilardingiz?
- Klub tarixini bilaman. Jamoa ilgari qo‘lga kiritgan yutuqlar va 1979 yil ro‘y bergan aviahalokatdan xabardorman. Bu juda afsuslanarli voqea bo‘lgan. Gruziyalik mashhur futbolchilar «Paxtakor»da o‘ynaganini bilaman. Masalan, Manuchar Machaidze. Terma jamoa haqida ko‘p ma'lumotga egaman deb ayta olmayman, ammo tez orada o‘zbek futboli to‘g‘risida ko‘p narsalarni bilib olishga umid qilaman.
- 1993 yil MDH Kubogida «Paxtakor»ga qarshi o‘ynagansiz. O‘shanda ikki gol urgansiz va «Dinamo» 5:2 hisobida zafar quchgan. O‘sha o‘yinni eslaysizmi? «Dinamo» safida uch aka-uka Arveladze maydonga tushgan – Shota, Archil va Revaz.
- To‘g‘risi, o‘zim o‘sha uchrashuvni eslay olmadim, lekin yigitlar Moskvada o‘tgan o‘sha bellashuv haqida aytib berishdi. Uch aka-uka Arveladze o‘sha o‘yinda maydonga tushgani to‘g‘ri.
- Xorij klublari orasida o‘zingiz o‘ynagan qaysi jamoani ko‘proq yoqtirgansiz?
- To‘p tepgan barcha klublarimni yoqtiraman. Ularning bari faoliyatim va o‘sishimda katta o‘rin tutgan. «AZ Alkmaar»da yordamchi murabbiy sifatida ishlashni boshlaganman. Bu klubni alohida e'tirof etib, Marsel Brans va Lui van Galga rahmat aytaman. Van Gaal, Dik Advokat va Ronald Kuman bilan ishladim. Yana Turkiyaning «Qayserispor» klubi bosh direktori janob Xurmadan minnatdorman. U menga ishondi va murabbiylik faoliyatimda ilk bor bosh murabbiylik vazifasini bajardim. «Qayserispor»da uch mavsum ishladim.










