2017 yil 30 iyun kuni Milliy Matbuot markazida “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun “Jahon bozorida o‘zbek paxta sanoati nufuzini yanada oshirish borasida Xolding kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning 28 iyun kuni “Paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitaning 76-yalpi majlisi va XIII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasini o‘tkazishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi e'lon qilindi.

Farmoyishga muvofiq, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi manfaatdor vazirlik va idoralar hamda paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mita (PXKQ) kotibiyati bilan hamkorlikda 2017 yil 23-27 oktabr kunlari Toshkent shahrida PXKQning “Globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida paxta” mavzusidagi 76-yalpi majlisi va XIII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasini o‘tkazishga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan yig‘ilish va yarmarka ishida dunyoning 44 dan ortiq mamlakatidan 1500 ga yaqin xorijiy mehmon hamda mahalliy mutaxassisning ishtirok etishi kutilmoqda. Ma'lum bir mamlakatlarda paxta va to‘qimachilik sohasi rivojlanishi, jahon paxta bozori tendensiyalari, savdo, logistika va sug‘urta masalalariga bag‘ishlangan 16 ga yaqin ochiq va mavzuli sessiyalar o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Paxtaning seleksion navlarini yaratishning genetikasi va biotexnologiyasi, paxta yetishtirish agrotexnikasi, uni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish masalalari ham keng muhokama etiladi. Paxtaga birlamchi ishlov berish, paxta tolasi sifatini instrumental baholash, uni to‘qimachilik yo‘li bilan qayta ishlash sohalaridagi muammo va yutuqlarga ham alohida e'tibor qaratiladi.

Bugungi kunda «O‘zpaxtasanoateksport» XK O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar Strategiyasidan kelib chiqib, paxtachilik sohasini rivojlantirshi bo‘yicha o‘z oldiga yangi vazifa va marralarni belgilab olmoqda. Qayd etib o‘tilgan Strategiyaning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida paxtachilik sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasi” doirasida olib borilmoqda. Hujjatda 16 ta bazaviy yo‘nalishlar bo‘yicha soha imkoniyatlarining tizimli ko‘rsatkichlari belgilab berilgan, uning respublika iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini oshirish, soha korxonalarini modernizatsiya qilish, ilgari xorijdan sotib olingan mahsulotlarni mahalliylashtirish, shu maqsadda xorijdiy investitsiyalarni keng jalb etish bo‘yicha bajariladigan ishlar va aniq maqsadli vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.















