O‘zbekiston | 15:10 / 01.07.2017
71839
4 daqiqa o‘qiladi

23 yillik muomala

Bugun, 1 iyul kuni O‘zbekiston milliy valyutasi – so‘mning muomalaga kiritilganiga 23 yil bo‘ldi.

So‘mning muomalaga kiritilishi O‘zbekiston pul muomalasi va hisob-kitoblar tizimini tashkil etish hamda respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy valyuta pul belgilarini muomalaga chiqarish va uning barqarorligini ta'minlashni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning 1993 yil 3 sentabrdagi 952-XII sonli qaroriga muvofiq 1994 yil 1 iyuldan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan milliy valyuta — “so‘m“ muomalaga kiritildi.

O‘shanda 1, 3, 5, 10, 25, 50 so‘mlik qog‘oz banknotalar hamda 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiyinlik tangalar muomalaga kiritilgan edi. 1997 yilning 1 martidan 200 so‘mlik banknota hamda 1, 5 va 10 so‘mlik tangalar muomalaga kiritildi. 2000 yilning 1 iyunidan 500 so‘mlik, 2001 yilning 1 sentabridan esa 1 000 so‘mlik banknotalar joriy qilindi.

2005 yilning 1 iyulida valyutaning 10 yilligi munosabati bilan 100 so‘mlik tanga iste'molga kiritildi. 2011 yilning 1 sentabrida esa 20 yillik munosabati bilan 500 so‘mlik tanga zarb qilindi.

2013 yilning 1 iyulidan – 5 000 so‘mlik banknota muomalaga kiritildi.

Bundan tashqari, 1999 yil 20 oktabrdan Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi munosabati bilan 25 so‘mlik, 2002 yil 1 noyabrdan Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlab 50 so‘mlik, 2009 yil 1 sentabrdan Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan ikki xil ko‘rinishdagi 100 so‘mlik metall tangalar muomalaga kiritilgan.

Va nihoyat 2017 yilning 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 10000 so‘mlik banknotlarning chiqarilishi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, joriy yilning 10 martidan qiymati 10 000 so‘mga teng  banknotlar muomalaga kiritildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 10 000 so‘m bo‘lgan pul belgilari 144 x 78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan.

Banknotning o‘ng tarafidagi keng oq rangli sathda O‘zbekiston Respublikasi Gerbi va “10000” raqami ko‘rinishida suv belgisi mavjud.

Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida “Darcha” va “3D” effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi himoya ipi o‘tkazilgan.

O‘zbekistonning milliy pul birligi o‘zining yorqin dizayni bilan e'tirofga tushib ulgurgan banknotalardan biri hisoblanadi. 2015 yilda Microsoft kompaniyasining MSN’nashri dunyoning eng chiroyli pullari ro‘yxatini e'lon qilganida, o‘zbek so‘mi “Tashqi ko‘rinishi bilan qimmatli” deb nom olgan pullar qatoriga kiritilgan edi. 

Bugunga kelib, mamlakat hududida milliy valyutaning qadrini yanada mustahkamlash yo‘lida hukumat tomonidan turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunga misol qilib, GM-Uzbekistan mashinalarining faqat so‘mga savdo qilinishini ta'minlash, bundan tashqari, O‘zbekiston mobil operatorlari 2018 yilning 1 iyulidan boshlab milliy valyutada tariflar o‘rnatishi va hisob-kitoblarni amalga oshirishi ham mana shu yo‘lda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning namunasidir.

Qog‘oz pullar va banknotalarni zarb qilish huquqi O‘zbekiston markaziy bankiga tegishli bo‘lib, ularni qalbakilashtirish qonun yo‘li bilan taqib qilinadi.

Mavzuga oid