Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi farmon: «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi tashkil etiladi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.
Axborot texnologiyalari rivojlanishi va ularni iqtisodiyot sohalariga joriy etishning hozirgi holati, shuningdek mahalliy dasturiy mahsulotlarning eksport darajasi hali ham pastligicha qolmoqda. Respublikada amal qilayotgan tashkiliy-iqtisodiy sharoit axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida tez o‘sishni namoyish etayotgan xorijiy mamlakatlarda yaratilgan sharoitlarga nisbatan mamlakatning raqobatdoshligi pastligini hisobga olgan holda ushbu sohaning yanada rivojlanishiga yetarli darajada yordam bermayapti, deyiladi farmon matnida.
Farmonga ko‘ra, AKTdan foydalanishga asoslangan iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berish hisobiga ushbu tarmoqda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish, AKT mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish maqsadida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va «O‘zbektelekom» AKning Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilingan.
Innovatsiya markazi axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida butun respublika hududida Innovatsiya markazi rezidentlarini joylashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilinishi belgilab qo‘yilmoqda.
Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar bo‘ladi:
- xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va oliy ta'lim muassasalarining axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga qaratilgan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun zarur tashkiliy-texnik va moliyaviy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
- AKT sohasida raqobatdosh loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishda Innovatsiya markazi rezidentlariga ko‘maklashish;
- oliy ta'lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarining ishga joylashtirilishini ta'minlashda, shu jumladan iqtidorli yoshlar tomonidan «start-ap» loyihalarini amalga oshirishda ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ishtirok etish;
- qisqa muddatli va o‘rta muddatli ixtisoslashtirilgan kurslarni tashkil etish, shu jumladan chet el mutaxassislarini taklif etish yo‘li bilan AKT sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilish;
- yosh tadbirkorlar tomonidan axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsiya loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash.
«Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi tashkil etiladi. Innovatsiya markazi rezidentlari 2028 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan, bojxona to‘lovlari to‘lashdan, o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar ni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod etiladi.