09:28 / 01.07.2017
38973

Lionel Messi va Antonella Rokkutstsoning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi

Argentinaning yirik shaharlaridan biri Rosariodagi hashamatli mehmonxonalardan birida jahon futboli yulduzi, "Barselona" hujumchisi, 30 yoshli Lionel Messining 29 yoshli Antonella Rokkutstso bilan nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Rosario Lionel va Antonellaning ona shahri hisoblanadi. Ular yoshliklaridan bir-birlari bilan tanishlar va gaplarga qaraganda, ular orasidagi o‘zaro his-tuyg‘ular bolaliklaridayoq boshlangan. 

13 yoshli Messi "Barsa"ning yoshlar jamoasi o‘yinchisiga aylangandan so‘ng, u Argentinani tarq etgan. "Barsa" Messining avvalgi klubi, Argentinaning "Nyuells Old Boyz" jamoasidan farqli tarzda, Lionelning bo‘y o‘sishdagi gormon yetishmasligi bilan bog‘liq davolanishini to‘lab berishga rozi bo‘lgan. 

Bu orada Leo va Antonella bir-birlari bilan telefon orqali va maktublar yozib aloqa qilib turganlar. Kunlarning birida Rokkutstsoning yaqin do‘stlaridan biri yo‘l-transport hodisasiga tushib qolganda Messi uni qo‘llab-quvvatlash uchun Rosarioga kelgan. Ko‘p o‘tmay ikki yosh bir-birlari bilan uchrasha boshlashgan. Bu esa 7 yilcha avval yuz bergan. 

Bu orada Leo va Antonella ikki farzand ko‘rishdi. Juftlikning hozirda 4 yoshli Tyago va bir yoshli Mateo ismli o‘g‘illari bor. 

Nikohga 250 ga yaqin mehmon taklif qilindi, ular orasida yoshlarning qarindoshlari, yoshlikdagi do‘stlaridan tashqari, Leoning klubdoshlari – Neymar, Luis Suares, Xerard Pike rafiqasi – qo‘shiqchi Shakira bilan, Karles Puyol, Gonsalo Iguain va Serxio Aguero bo‘ldi. Messi mehmonlarga unga ham, rafiqasiga ham sovg‘alar bermay, buning o‘rniga uning bolalarga sog‘liqni saqlash, ta'lim va sport borasida yordam beruvchi xayriya jamg‘armasiga pul kiritishni taklif qildi.

Kelin ispan dizayneri, Yeva Longoriya va Ispaniya qirolichasi Letitsiya uchun liboslar yaratgan Roza Klara tayyorlagan nikoh ko‘ylagida bo‘ldi. Takidlanishicha, kelin libosi to‘y o‘tgan mehmonxonaga ikki qo‘riqchi hamrohligida yetkazilgan.

To‘yni Urugvayning "Rombai" va "Marama" guruhlari, Serxio Agueroning rafiqasi Karina va Shakira qizdirishdi.

To‘ydagi xavfsizlikni ta'minlashga 350 ga yaqin politsiyachi, shuningdek to‘y o‘tgan mehmonxonani qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi qo‘riqlash firmasi jalb qilindi. 

Biz esa o‘z nomimizdan ushbu juftlikka oilaviy baxt tilab qolamiz.

Top