Jurnalist Vohid Luqmon «Qishloq bolalari o‘gay emas» sarlavhali maqolasida chekka hududlarda kadrlar yetishmovchiligi mavjudligi bayon qilinib, muammo yechimi uchun takliflar berilgan.
30 iyun–1 iyul kunlari xizmat safari bilan Jizzax viloyatida bo‘ldim. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi, Sh.Rashidov tumani, G‘allaorol tumani Xalq qabulxonalari faoliyati bilan tanishdim. O‘z muammo va takliflari bilan murojaat qilgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdim. Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan muammolari hal bo‘lgan kishilarning samimiy dil so‘zlarini eshitdim.
Meni bir narsa quvontirdi: hamyurtlarimiz o‘z shaxsiy muammolaridan ko‘ra mahallasi, qishlog‘i manfaatini ustun qo‘ymoqda. Kimdir yillar davomida mahallasiga toza ichimlik suvi keltirish uchun turli idoralar ostonasida sarson bo‘lgan. Kimdir qishlog‘ida yangi maktab qurilishini, to‘rt-besh chaqirim naridagi maktabga qatnab qiynalayotgan bolalarga sharoit yaratib berishni istaydi. Yana biri bundan 40-50 yil burun tiklangan simyog‘ochlar chirib, hilvirab qolganidan xavotirda...
1 iyul kuni Baxmal tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda ham qatnashdim. Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Korxona va tashkilotlar, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari o‘zlaridagi vakant joylar bilan ishtirok etdi.

Bo‘sh ish joylari bilan tanishib, hayron qoldim. Tumanda ingliz tili, musiqa singari fan o‘qituvchilariga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga, shifokorlarga ehtiyoj bor. Biroq barcha ish o‘rinlari faqat oliy ma'lumotli mutaxassislar uchun. Bir maktabda oliy ma'lumotli uch nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga joy bor.
Aynan shu masalada gapirmoqchi edim. Bir paytlari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari pedagogika bilim yurtlarida tayyorlanar, tayyorlanganda ham juda sifatli tayyorlanar edi. Maktab ma'murlari oliy ma'lumotli boshlang‘ich sinf o‘qituvchisidan o‘rta-maxsus ma'lumotga egasini avloroq bilardi...
Biroq talab o‘zgardi. O‘n besh-yigirma yillik ish tajribasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qtuvchilari maxsus sirtqi bo‘limlarda qaytadan o‘qishga majbur bo‘ldi. Yo‘qsa ishdan ajralar edi. Minglab o‘qituvchilar vaqt va mablag‘ sarflab o‘qidi. Ham o‘qib, ham ishlashi oqibatida ta'lim sifatiga jiddiy zarar yetkazib o‘qidi. Pedagogika bilim yurtlari sanoqli edi. Ana shu pedagogika bilim yurtlarini qayta tashkil etish vaqti keldi nazarimda.
Yana bir mulohaza: viloyat va tumanlarda, qishloq va ovullarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Prezidentimiz buni har bir chiqishida takrorlamoqda. Ayniqsa oliy ma'lumotli vrachlar tanqis. Biroq nega oliy o‘quv yurtini bitirayotgan yoshlarimiz o‘sha joylarga borib ishlashni istashmaydi? To‘g‘ri, notanish joy, notanish odamlar, masofa uzoq, maosh kam. Televizorda chiqib gapirayotgan, vatanim taqdiriga daxldorman, kerak bo‘lsa, jonimni berishga tayyorman deyayotgan yoshlar nega tengdoshlarini ana shu joylarga borib ishlashga da'vat qilmaydi, o‘zlari buni amalda isbotlamaydi, agar rostdan vatanparvar bo‘lsalar?!














