09:25 / 04.07.2017
50116

«Kerak bo‘lsa 24 soat ishlaymiz» - Yosh vazir o‘rinbosari o‘ziga vazifalar belgilab olgan

3 iyul kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi «O‘zbekistonda yoshlar siyosati: dolzarb masalalarga zamonaviy yondashuv» mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbir davomida 30 iyun kuni «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining navbatdagi Qurultoyi vaqtida Xalq ta'limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlagan Alisher Sa'dullayev ham so‘zga chiqdi.

Yaqin kunlarda 23 yoshni qarshilaydigan Alisherning rahbar o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ijtimoiy tarmoqlar orqali katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilarning bir qismi mazkur yangilik barcha o‘zbek yoshlariga ibrat bo‘lishi va davlat idoralari boshqaruviga yoshlarni jalb etish vaqti kelganini qayd etishdi. Yana bir toifa kishilar esa bunday mas'uliyatli vazifani katta tajribaga ega insonlarga topshirish kerakligini ta'kidlashdi. 

Xalqaro press-klubning jonli muloqoti davomida Alisher o‘z rejalari va yangi vazir o‘rinbosari sifatida oldiga qo‘ygan vazifalari bilan o‘rtoqlashdi. 

«Yosh rahbar sifatida o‘z oldimga yangi rejalarni qo‘ydim. Faoliyatim davomida yoshlarning jamiyatimiz hayotida faol bo‘lishi uchun o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman. Fikrimcha, biz yoshlar qayerga ishga kiraman, kim bilan ishlayman, qancha pul topaman, deb emas, balki qancha ish o‘rini yarata olaman, deb o‘ylashimiz kerak. Bizning xorijdagi tengdoshlarimiz yangi loyihalarni jahonga namoyish qilmoqda. Yurtimizda ham har bir yosh birlashishi zarur. Bizda kuch-g‘ayrat, shijoat bor, 24 soat ishlash kerak bo‘lsa, 25 soat ham ishlaymiz. Lekin tajriba ham zarur. Rivojlangan mamlakatlardan o‘rnak olib, global fikrlab, keyin esa mahalliylashtirishimiz lozim», - deya Alisher Sa'dullayevning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri. 

Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari yoshlarning tarbiyasida bog‘cha yoshi ham katta rol o‘ynashini alohida qayd etdi. Uning ma'lum qilishicha, Xalq ta'limi vazirligi tasarrufida 5 millionga yaqin bolalar bo‘lsa, shulardan 1 million nafari maktab o‘quvchilari, 4 millionini esa bog‘cha bolalari tashkil etadi. «Shunday ekan, bog‘cha mudiralari hamda ota-onalar o‘rtasida mustahkam ko‘prikni shakllantirish kerak bo‘ladi», degan u. 

«Yangi ish faoliyatimning dastlabki 100 kunida qiladigan asosiy vazifalarim - bog‘chadagi shart-sharoit, holatlarni o‘rganish, ularga yangicha tizimlarni olib kirish. Dam olish kunida Toshkent shahridagi ikkita maktabga tashrif buyurdim. Ulardan birining ko‘rsatkichlari past bo‘lsa, ikkinchisi namunali maktab edi. Nega aynan ikki xil ko‘rsatkichga ega ta'lim dargohi o‘rganildi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sababi, ikki maktab solishtirilganda, asl muammolar negizi nimada ekanligi, yaxshi ta'lim muassasi darajasiga ko‘tarilish uchun nimalar qilish lozimligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu narsaga amin bo‘ldimki, chindan ham har viloyatlarga borib, yoshlar bilan suhbatlashib, ularni ruhlantirishimiz kerak» , - dedi vazirning 22 yoshli o‘rinbosari.

Mavzuga oid
Top