21:10 / 04.07.2017
9880

Oliy liga. «Bunyodkor» so‘nggi daqiqalarda «Nasaf»dan g‘alabani ilib ketdi

Foto: Offsayd.uz

Oliy liganing 3-turida qoldirilgan uchrashuvi doirasida «Bunyodkor» «Nasaf»ni qabul qilib juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

uchrashuvning birinchi bo‘limida avvaliga Eldor Shomurodov Doston Hamdamovning uzatmasidan so‘ng darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib hisobni ochgan bo‘lsa, Bahrom Abdurahimov Farrux Sayfiyevning chap qanotdan yetkazib berilgan to‘pini boshi bilan Zuhurov darvozasiga yo‘llab hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limda Shahzodbek Nurmatov jarima maydoniga kirmasdan turib bergan zarbasi qarshiliklar himoyachisiga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi va darvoza to‘ridan joy oldi. 83-daqiqaga kelib «Nasaf» hujumchisi Dragan Cheran jarimadan yetkazib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab hisobni tenglashtirgandi. 

Shundan so‘ng ustunlik «Nasaf» tomoniga o‘tdi va jamoa g‘alabani ilib ketish uchun ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘lgandi. Avvaliga 88-daqiqada Islom Kenjaboyevning zarbasini Murod Zuhurov qiyinchilik bilan bartaraf etgan bo‘lsa, Shahboz Erkinovning zarbasi darvoza ustuniga tegib maydonga qaytdi. Aynan shundan keyingi hujumni endi «Bunyodkor» futbolchilari yuzaga keltirishdi. Eldor Shomurodovning chap qanotdan uzatgan to‘pni Dilshod Ahamadaliyev Suyunov darvozasiga to‘g‘irlab jamoasiga g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylandi.

Ushbu g‘alabadan keyin «Bunyodkor» hisobidagi ochkolar soni 21taga yetdi va jamoa bir yo‘la 6 pog‘ona ko‘tarilib, 7-o‘ringa chiqib oldi. «Nasaf» esa 26 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi.

Oliy Liga,
3-tur qoldirilgan o‘yini

«Bunyodkor» – «Nasaf» 3:2 (1:1)
Gollar: Eldor Shomurodov (21), Shahzodbek Nurmatov (61), Dilshod Ahmadaliyev (90) — Bahrom Abdurahimov (35) Dragan Cheran (83).  
«Bunyodkor»: Murodjon Zuhurov, Rustam Ashurmatov, Akramjon Komilov, Javlon Ibrohimov, Shahzodbek Nurmatov (Mirjahon Mirahmadov, 81), Eldor Shomurodov, Dostonbek Hamdamov (Farrux Ikromov, 38), Nurillo To‘xtasinov (Suhrob Izzatov, 75), Dilshod Ahmadaliyev, Davronbek Umirov, Otabek Shukurov.
«Nasaf»: Eldor Suyunov, Akmal Shorahmedov, Maqsud Karimov (Odiljon Hamrobekov, 67), Aziz G‘aniyev (Islom Rashidxonov, 79), Dilshod Rahmatullayev (Shahboz Erkinov, 67), Bahrom Abdurahimov, Islom Kenjaboyev, Igor Golban, Sherzod A'zamov, Farrux Sayfiyev, Dragan Cheran.

Top