Abituriyentlar qabul komissiyasiga o‘rta maxsus diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish shart emas. Bu haqda Xushnudbek.uz sayti batafsil ma'lumot bergan.
Bugun notarius sifatida faoliyat yuritadigan tanishim qabul jarayonlari boshlangandan buyon abituriyentlar kollej yoki litsey diplomini notarial tasdiqlash yuzasidan juda ko‘p murojaat qilayotganini, har kuni yuzdan ortiq yaqin mana shunday notarial harakatni amalga oshirayotganini aytib qoldi.
“Albatta, biz notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroga asossiz rad javobi berishga haqqimiz yo‘q, shuning uchun ularga diplom nusxasini tasdiqlab beryapmiz, ammo aslida abituriyentlar qabul komissiyalariga bunday hujjatni topshirishi shart emasku”, – degan fikrni aytgan suhbatdoshim mendan shu masalaga aniqlik kiritib berishimni so‘radi.
Xo‘sh, abituriyentlar haqiqatdan hujjat topshirish vaqtida o‘rta maxsus diplomining nusxasini notarial tasdiqlashi shartmi?
Javob: YO‘Q, ShART EMAS!
2017 yil 20 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 12-bandiga ko‘ra, abituriyent oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ariza;
- umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
- 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma'lumotnoma;
- pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
- 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
- maxsus sirtqi bo‘lim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.
Shuningdek, ayrim abituriyentlar uchun quyidagi hujjatlar ham zarur:
- To‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalar va I guruh ko‘zi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
















