Quddus A'zam muallifligidagi «Munosabat» ko‘rsatuvining so‘nggi sonlaridan biri hozirgi davrda jamiyatimizni qiynayotgan eng og‘riqli masalalardan biri — oiladagi ajrashuvlar, shuningdek, prezidentimiz ham diniy soha vakillari bilan uchrashuvda tilga olib o‘tgan masala — qo‘shxotinlikka bag‘ishlandi.

Studiyaga taklif etilgan diniy ulamolar, adliya xodimlari, oliygoh o‘qituvchi-professorlari, nazarimda, mavzuga umumiy tarzda baho berib, oilalardagi ajralishlar va qo‘shxotinlik kabi turli ikki mavzuni aralashtirib yuborishdi. To‘g‘ri, biri ikkinchisiga sabab bo‘lishini, huquqiy oqibatlari o‘xshash ekanligini inkor etmaslik kerak. Lekin prezidentimiz tilga olgan qo‘shxotinlik masalasi faqat diniy tomondan, sunnatga muvofiq bo‘lish uchun uylanayotganlarni nazarda tutgan edi. Bekorga bu gap imom-xatiblar va diniy ulamolar qatnashgan majlisda yangramadi.

Diniy ulamolarimiz ko‘rsatuv mobaynida nikoh o‘qish uchun muftiyat ularga FHDYo guvohnomasini ko‘rgachgina amalga oshirishni buyurganini ro‘kach qilishdi. Ikkinchi oila qurayotgan erkaklarimiz ko‘rsatuv davomida «chalamulla» deb atalgan kaslarning xizmatlaridan xufyona foydalanishayotganini aytib, mas'uliyatni o‘z zimmalaridan soqit qilishdi. «Biz unday oilalarga nikoh o‘qimayapmiz, tamom, muammoga bizning aloqamiz yo‘q», qabilida yangradi bu. 

Adliya tizimida ishlab kelayotgan vakillar esa qo‘shxotinlikning huquqiy oqibatlariga to‘xtalishdi. Ayniqsa, opalarimizdan biri tomonidan studiyada «ikki erlik» deyilgan holat ham tilga olindiki, bunaqasi TVda alohida olib chiqib, muhokama qilishga yaramaydi, deb hisoblayman. Ko‘rsatuvning ham umumiy mavzusiga biroz putur yetkazib qo‘ydi. Chunki o‘zbekchilikka yot holat-ku bu?! Poligamiyaning bunday turi bizda mavjudligiga bu holat misol bo‘la olmaydi, aksariyatga tanish birorta dinda ham yo‘q.

Nikohidan rasman sud orqali yoki sud orqali ajralmasdan musulmonchasiga «talog‘ini bergan holda» ajralib, ikkinchi turmush qurish holati va birinchi nikohini saqlab turib, ikkinchi xotinga uylanib olish tamoman boshqa-boshqa holat va masalalardir, garchi huquqiy oqibatlari o‘xshash bo‘lsa-da. Yuqorida ham ta'kidlaganimdek, ko‘rsatuvda ana shu ikki narsa aralashtirilib yuborildi, nazarimda.

«Munosabat» ko‘rsatuvi ajralishlarning sabablari va qo‘shxotinlikni alohida-alohida mavzu sifatida olib chiqqanida har ikki mavzu kengroq qamrab olingan, turli fikrlar eshitilgan bo‘lardi.

Keling, ushbu maqolada o‘zimiz dastlab keyingi paytda ko‘paygani e'tirof etilayotgan ajralish mavzusini ochishga harakat qilaylik-da, turmush qurgan yoshlarning oilasining barbod bo‘lishiga sabab bo‘layotgan bosh masalalarni o‘rganib chiqaylik.