17:03 / 05.07.2017
9510

Samarqandda joriy yilda ajralish uchun ariza bergan 1287 oilaning 1104 tasi yarashtirildi

O‘zi xorijda turib, ishonchli vakili orqali xotini bilan ajrashayotgan yigitlar haqida eshitar ekansiz, ularning oila haqidagi tasavvurlari bunchalik zaif bo‘lmasa, deb yoqa ushlaysiz. Sarpo-suruqlar tufayli kelini-yu, nabirasidan osongina voz kechgan qaynona tarbiyalagan farzand qanchalik mo‘rt bo‘lishini o‘ylab kuyunadi, kishi... Yangi, muqim oilasidagilar hurmatini joyiga qo‘ya olmagan kelinchakning ayuhannos solib, sudyalar bilan tortishganini ko‘rib, kim haqu kim nohaq, muammoning ildizi qayerda o‘zi, deya bosh changallaysiz...

Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan oilaviy ajralishlar soni ortgan hududlarda o‘tkazilayotgan seminarlar aynan shu muammolarning ildizini o‘rganish, ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlanmoqda, deb yozadi «Oila va jamiyat» gazetasi.

Birinchi seminar shu yilning o‘zida 60 dan ziyod oilaviy ajralishlar sodir bo‘lgan Bulung‘ur tumanida o‘tdi. Xususan, ushbu tumandagi Do‘stlik, Amir Temur mahallalarida bu holatlar qariyb ikki baravarga ortgan. Seminar ishida viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi M.Tojiboyev, «Mahalla» xayriya jamaot fondi viloyat boshqaruvi raisi M.Boboyorov oiladagi muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan omillarni sharhlab, uning oldini olishda faollar oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Tumandagi mahallalarning yarashtirish komissiyasi a'zolari, diniy-ma'rifat va ma'naviy axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, faollar ishtirok etgan anjumanda salbiy holatlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Muammolar yechimini topish yuzasidan bahs-munozaralar bo‘ldi. Tabiiyki, avvalo, tumanda oilaviy ajralishlarning keskin oshib ketishi sabablari o‘rganildi.

— Joriy yilda oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish ishlari har bir oiladagi real ahvolni chuqur bilish imkonini berdi, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sh.Pardayeva. — Buning natijasida sud orqali ajrashmay, bir necha yillab alohida yashayotgan oilalar mavjudligi aniqlandi. Oqibatda ikkinchi marta uylangan yigitlar farzandlari uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtira olmagan. Bunday oilalarga huquqiy yordam berildi: ya'ni, ajrimlar qonuniylashtirildi. Natijada statistik ma'lumotlarda ajralishlar soni shu yilning birinchi choragida keskin oshgandek ko‘rindi.

M.G‘afurova, viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

— Afsuski, aksariyat hollarda oila parokanda bo‘lib, tiklanishining sira iloji bo‘lmagandan keyingina xabardor bo‘lamiz. Vaholanki, mahalla maslahatchilari bu oiladagi muhitdan xabardor, o‘z vaqtida tegishli idoralarga murojaat qilib, masalani ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin bo‘lardi.

O‘tgan vaqt mobaynida xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan shahar va tumanlarda nikohdan ajralish holatlarining kelib chiqish sabablari o‘rganilib, muammoli oilalarga huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha guruhlar tashkil etildi va Harakat dasturi ishlab chiqildi.

Natijada joriy yilda 1287 nafar fuqarodan oilaviy kelishmovchiliklar yuzasidan arizalar kelib tushgan bo‘lsa, 1216 oilada muhokamalar o‘tkazilgan. Shulardan 1104 tasida notinchliklarga barham berildi. Ammo ba'zi tumanlarda bu masalada ijobiy tomonga o‘zgarish yo‘q. Seminar davomida ularni chuqurroq o‘rganib, aniq vazifalar belgilanadi.

Oilaviy nizolarning oldini olish uchun ishni o‘sha xonadonda to‘y bo‘lishdan oldin boshlash kerak. Otinoyilar, el ichida obro‘li, namunali otaxon-onaxonlar bilan birgalikda shu xonadonga borib, yoshlarning oilaga qanchalik tayyorligini o‘rganishi, zarur bo‘lsa, bu haqda ota-onaga ham kerakli tavsiyalar berish — bugun joylarda tashkil etilgan «Qaynonalar kengashi»ning asosiy vazifalaridan biridir.

Xuddi shunday seminarlar viloyatdagi Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Oqdaryo, Tayloq, Urgut tumanlarida ham o‘tkazildi.

Ko‘pincha oila a'zolari, xususan, eru xotin: «Oilaviy hayotimizning boshqalarga daxli yo‘q, istasak yashaymiz, istamasak ajrashamiz», degan fikrda bo‘lishadi. Ammo ajrim sodir bo‘lgan oilada farzandlar ruhiyati va tarbiyasida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar, ba'zi oilalarda ajrashgan ayolga nisbatan noo‘rin munosabat, umuman, darz ketgan oilada yuz bergan kemtiklik o‘z-o‘zidan jamiyat hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bunday vaziyatda oilaga daxlsiz hudud, deb qarash biror bir qoidaga to‘g‘ri kelmaydi.

Gulrux Mo‘minova

Top