20:24 / 05.07.2017
21328

Shahrisabz hokimi tumanda mavjud muammolar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi

Kun.uz tahririyati Qashqadaryo viloyatiga qilgan ijodiy safari davomida Shahrisabz tumani hokimi Ismat Nusurov bilan intervyu uyushtirdi. Mazkur suhbat asnosida dunyoning eng qadim shaharlaridan biri bo‘lgan, “Qubbatul ilm val adab”, deya tavsif etilgan, bugun ham o‘z siyratini yo‘qotmagan Shahrisabzda erishilgan yutuq va o‘z yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan fikr yuritildi.

Shahrisabz shahri tabiiyki O‘zbekistondagi sayyohlik salohiyati yuksak hududlardan biri. Aynan mana shu masalaga to‘xtalar ekan, tuman hokimi shunday dedi: “Shahrisabzda turizm salohiyati yuqori. Tuman hududida 196 ta tarixiy va arxeologik yodgorliklar mavjud. Shundan 23 tasi YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilgan. Prezidentimizning Shahrisabz shahrini viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar tipiga kiritish tashabbusi turizm sohasini rivojlantirishga o‘zining katta hissasini qo‘shadi. Ko‘rsatkichlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yil Shahrisabzga 11 mindan ziyod xorijiy va 30 mingdan ziyod mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Bu yil ham mehmonlar sonini oshirish borasida zarur harakatlar amalga oshirilyapti.

Buning uchun Buxoro va Samarqandda joylashgan turistik firmalar bilan hamkorlik qilib, ularga Shahrisabzning turizm salohiyati namoyish etildi. Buning samarasi o‘laroq, 2017 yilning iyun oyiga qadar 7 ming horijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich yil oxiriga qadar 30 mingga yetishi maqsad qilingan”. 

Inson salomatligi jamiyat hayotida eng ustuvor masalalardan biri. Aholi salomatligi mustahkam bo‘lmas ekan, har qanday islohot o‘z mohiyatini yo‘qotadi. Inson salomatligi borasida Shahrisabzdagi bugungi kun holati qay darajada, qanday ishlar amalga oshirildi va istiqboldagi rejalar nimalardan iborat? Shahar hokimi shunday dedi:

“Bizning tumanda 20 ta qishloq vrachlik punkti, shahar hududida esa 4 ta oilaviy poliklinika bor. Prezidentimiz tomonidan tibbiyot sohasini isloh qilishga qaratilgan qarorlariga asosan joylarda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Shahrisabz tumanida faoliyat yurituvchi QVPlarga murojaat qilish 20 foizgacha bo‘lgan bo‘lsa, aholining qolgan qismi shahar markaziy shifoxonasi xizmatidan foydalangan. Qishloq vrachlik punktlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qarorga muvofiq Xalq deputatlari kengashining sessiyasida mazkur masala ko‘rib chiqildi. Shunga muvofiq tumanda ishlayotgan 20 ta QVPning 8 tasi oilaviy poliklinikaga aylantiriladigan bo‘ldi. Bu poliknikalar tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta'minlanadi va ularda tor ixtisoslikka ega shifokorlar faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, ular zamonaviy tibbiy jihozlar bilan boyitiladi.

Albatta, bu kabi oilaviy poliknikalar o‘z samarasini beradi. Aholiga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatiladi, vaqt va moddiy jihatlar tejaladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratiladi”.

Shahrisabz tuman hokimi Ismat Nusurov bilan o‘tkazilgan suhbat davomida aholi tomonidan tahririyatimizga yuborilgan murojaatlar yuzasidan ham so‘z yuritildi. Ularning asl yechimi yaqin orada hal etilishi aytildi. O‘tgan suhbat davomida turli dolzarb mavzular bo‘yicha gaplashilindi. Mazkur intervyuning to‘liq shaklini saytimiz va saytning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top