14:52 / 06.07.2017
6141

Boris Jonson: «Tramp kabi tvitlar yozishni xohlayman. U odamlarni siyosatga qiziqtirmoqda»

Foto: © RIA Novosti

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson AQSh prezidenti Donald Trampning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga havas qilishini aytdi.

Uning aytishicha, Trampning tvitterda yozayotgan gaplari odamlarni siyosatga qiziqtirmoqda. Ayni vaqtda Britaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlayotgan sobiq London meri Jonson xuddi Tramp kabi tvitlar yozishni xohlashini aytdi.

«Trampning siyosatga bo‘lgan yondashuvini yoqlayman. U o‘zining tvitlari orqali odamlarning e'tiborini siyosatga qaratmoqda. Men xuddi u kabi tvitda yozishni orzu qilaman, lekin aniq bunga imkon berishmaydi. Meni bu borada juda yaxshi nazorat qilishadi», deydi Jonson VVC uchun bergan intervyusida.

AQShning ko‘pchilik fuqarolari Tramp tvitterda bunchalik ko‘p yozishni bas qilishini aytmoqda. Biroq prezident bu ishidan qaytmasligini bildirgan.

Tramp tvitter orqali o‘zi haqida xabarlarga munosabat bildiradi. Ta'kidlash joiz, Trampning ikkita akkaunti bor. Biri AQSh prezidentining rasmiy akkaunti @POTUS (President of The United States of America), ikkinchisi esa prezidentning shaxsiy akkaunti @realDonaldTrump.

Trampning prezident sifatidagi akkauntini (@POTUS) 19 milliondan ko‘proq odam kuzatadi. O‘zining shaxsiy akkauntida esa 33 milliondan ko‘proq folloveri bor. Rasmiy tvitterida uning tashriflari bilan bog‘liq xabarlar yoziladi va uni Trampning o‘zi yuritishi aniq emas. Biroq @realDonaldTrump akkauntida Tramp har qanday mavzudagi tvitlarni o‘quvchilari bilan bo‘lishadi. Uni prezident xavfsizlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan gadjyeti orqali yuritadi.

Mavzuga oid
Top