10:54 / 06.07.2017
28529

Komilov: O‘zbekiston KXShTga qaytmaydi

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar mamlakat hududi tashqarisidagi tinchlikparvar harakatlarida ishtirok etmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro Press-klubda o‘tkazayotgan jonli muloqotda bayonot berdi.

Vazir bu masala Respublika Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan Tashqi siyosat konsepsiyasida va Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovdan keyingi ilk ma'ruzasida ham ta'kidlanganini eslatib o‘tdi.

Shuningdek, Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga qayta a'zo bo‘lmasligini ham qayd etdi.

“O‘zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a'zoligini qaytadan tiklash rejamizda yo‘q.  Bu masala Prezidentimizning Rossiya Federatsiyasiga uyushtirgan rasmiy tashrifi chog‘ida ham muhokama qilinmagan”, dedi TIV vaziri.

Vazirning qayd etishicha, bu masalani kelgusida ham qayta ko‘rib chiqish rejada mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jonli muloqotda O‘zbekiston Respublikasining 47 xorijiy mamlakatdagi elchixonalari rahbarlari ham onlayn videokonferensiya vositasida ishtirok etdi.

Top