Jahon | 10:34 / 06.07.2017
54881
3 daqiqa o‘qiladi

«Jahannamga xush kelibsiz»: Hamburg G20 sammiti arafasida

Foto: DPA/TASS

Germaniyaning Hamburg shahrida 6-7 iyul kunlari o‘tkaziladigan «Katta yigirmatalik» davlatlari yetakchilari sammiti arafasida minglab kishilar norozilik namoyishlari uyushtirmoqda. Bu namoyishlar «Jahannamga xush kelibsiz» shiori ostida birlashtirilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Jinping va boshqa yirik davlatlar rahbarlari shaharga kelganida, namoyishlarning avj pallasida uning ishtirokchilari soni 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Germaniyaning ikkinchi yirik shahrida ayni vaqtda 20 ming nafar politsiyachi xavfsizlikni ta'minlash ishlariga jalb qilingan, qo‘lga olinadiganlarni saqlash uchun maxsus markazlar tashkil etilgan va bunday markazlarning har biri 400 kishi uchun mo‘ljallangan.

«Jahannamga xush kelibsiz» aksiyalari tashkilotchisi Andreas Blexshmidt namoyishchilar bu orqali G20 olib borgan siyosat dunyo bo‘ylab og‘ir oqibatlarga, ochlik, urushlar va halokatlarga olib kelganini bildirmoqchi. U AFP muxbiriga aytishicha, namoyishlar faollari sammit o‘tkaziladigan hududga borishni rejalashtirgan, ular politsiya bilan to‘qnashuvlarga tayyor. 

Hamburg shahri rahbariyati shahar ichida va aeroport bilan bog‘lovchi yo‘lda mitinglar o‘tkazishni taqiqlagan.

Quyida bir necha kun oldin boshlangan namoyishlar lavhalari keltiriladi.

Namoyish faollari bir necha kundan buyon shahar markazi yaqinidagi xiyobonda tashkil qilingan lagerda tunamoqda

Hamburg g‘arbida chorshanba kuni kechasi politsiya yo‘lni to‘sib qo‘yish uchun yig‘ilganlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘lladi

2 iyul kuni Greenpeace guruhi faollari Angela Merkel surati tushirilgan bannerni ko‘mir tashuvchi kemaga yopishtirib, bu orqali uni ko‘mir va atom energiyasidan foydalanishni to‘xtatib, xavfsiz energiyaga o‘tishga chaqirishdi

Hamburgdagi do‘konlardan biri egasi do‘koni derazalariga stikerlar yopishtirib, sammit ishtirokchilaridan noroziligini ifodaladi

2 iyul kuni odamlar G20 sammitiga qarshi norozilik namoyishlarini boshlagandi

G20 sammitiga qarshi namoyishlar ishtirokchilari mehmonlarning niqoblarini yasagan

Yuzlab kishilar G20 arafasida 1000 haykal aksiyasida ishtirok etish uchun chiqqan

Mavzuga oid