16:03 / 07.07.2017
7741

Ekspert: Qozzofiy o‘g‘li Liviya tiklanishida hech qanday rol o‘ynamaydi

Foto: rt.com

Liviyaning ag‘darilgan yetakchisi Muammar Qozzofiyning shu yil iyun oyida ozodlikka chiqarilgan Sayful Islom Qozzofiy zamonaviy Liviyada hech qanday o‘rin tutmaydi. Biroq, uning ozodlikka chiqarilishi Afrikaning ushbu davlatida siyosiy inqirozni kuchaytiradi. Liviya milliy armiyasi rasmiy vakili, polkovnik Ahmad al-Mismariy shunday fikrda.

"O‘ylaymanki, Sayful Islom Liviyada hech qanday rol o‘ynamaydi. Uning ozodlikka chiqarilishiga keladigan bo‘lsak, bundan ko‘zlangan maqsad Liviya inqirozini keskinlashtirish va parchalanishni kuchaytirishdir, deb hisoblanadi", — degan polkovnik Italiyaning Nova axborot agentligiga bergan intervyusida. 

Iyun oyi boshida 6 yillar avval Jamahiriya yetakchisining o‘g‘lini qo‘lga olgan va shu muddat mobaynida uni hibsda saqlab kelgan "Abu Bakr as-Siddiq" nomli harakat Sayful Islom ozodlikka chiqarilganini e'lon qildi. 

"Dunyoda katta hodisalar kutilmoqda": Kaddafiyning o‘g‘li Saif Al-Islom ozodlikka chiqdi

Hozirda, uning qayerda ekani noma'lumligicha qolmoqda. Xalqaro Jinoyat sudi prokurori esa, Liviya sobiq yetakchisining o‘g‘lini qaytadan hibsga olishga chaqirdi. XJS uni qamoqqa olish bo‘yicha 2011 yilda order bergan. 

Al-Mismariyning so‘zlariga ko‘ra, marshal Xalifa Haftar yetakchiligidagi LMA ayni vaqtda Liviyaning 90 foiz hududini nazorat qilmoqda va u yerdan Italiyaga noqonuniy muhojirlarni Italiyaga olib o‘tish bo‘yicha birorta ham amaliyot bajarilmagan. 
 
Polkovnik Nova agentligiga bergan intervyusida 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidagi qator bayonotlarini takrorlagan. Uning aytishicha, Haftar qo‘shinlari Fayoz Sarraj rahbarligidagi Milliy birlik hukumati vakolatlari poyoniga yetgach, yaqin olti oyda Tripoliga kirishni rejalashtirmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2011 yili Muammar Qozzofiy tuzumi ag‘darilgach, uning o‘zi va yaqinlarini qo‘lga olish bo‘yicha keng qamrovli amaliyot olib borildi. Isyonchilar Qozzofiyning o‘zini va o‘g‘li Mutaosimni o‘ldirishdi. Yana bir o‘g‘li Xamis Tripoli bombardimon qilinganda qurbon bo‘ldi. Qozzofiyning eng yaqin izdoshlaridan biri bo‘lgan Sayful Islom qo‘lga olinib, u 2015 yil iyul oyida o‘lim jazosiga mahkum etilgan edi. Qozzofiyning yana bir o‘g‘lii Sa'di Nigerga qochgan bo‘lsa-da, 2014 yilda Liviyaning yangi hukumatiga topshirildi. Qozzofiyning qizi Oisha, rafiqasi hamda ikki o‘g‘li farzandlari bilan Jazoirga qochib, u yerda boshpana olishdi. 

Ayni vaqtda, Liviyada ikki hokimiyatlik hukm suradi. Mamlakat sharqidagi Tobruk shahrida xalq tomonidan saylangan parlament hukmronlik qilsa, g‘arbda joylashgan Tripoli shahrida BMT va YeI ko‘magida shakllantirilgan Milliy birlik hukumati faoliyat yuritadi. Sharqiy hukumat Tripolidan mustaqil ravishda faoliyat yuritib, LMA bilan hamkorlik qiladi. 

Mavzuga oid
Top