14:48 / 08.07.2017
11701

Hamburgda Putin, Merkel va Makronning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, GFR kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokida Hamburgdagi «Atlantik» mehmonxonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilarning suhbati ishchi nonushta dasturxoni atrofida bo‘lib o‘tdi va ular «yigirmatalik» muammolari, Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishga urg‘u bergan holda xalqaro kun tartibida turgan masalalar haqida fikr almashishdi.

Rossiya, Fransiya va Germaniya yetakchilari Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishning muhimligini tasdiqlashdi.

Ukraina inqirozini hal etish turli formatdagi muzokaralar, xususan Rossiya, Germaniya, Fransiya va Ukraina ishtirokidagi «Normand formati» doirasida ham ko‘rib chiqilmoqda. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Putin, Makron va Merkelning Hamburgdagi suhbatida ishtirok etmadi. Chunki Ukraina Hamburgda o‘tayotgan G20 sammitiga maxsus taklif etilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

BMTning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina sharqida ro‘y berayotgan qurolli mojarolar oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 10 mingdan oshgan. Donbassdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish Minsk muzokara guruhi uchrashuvlari doirasida ham muhokama etilmoqda. Guruh 2014 yil sentabridan buyon mojaroni tinchlantirishni tartibga solish borasida uchta hujjatni qabul qilgan. Biroq mojarolashayotgan tomonlar sulh haqidagi bitimlar imzolanganidan so‘ng baribir otishmalarni davom ettirishmoqda.

Top