20:04 / 08.07.2017
13151

Shavkat Mirziyoyev Namanganda farmatsevtika korxonasida bo‘ldi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Namangan tumanidagi “Merrymed Farm”mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.

 “Merrymed Farm” MChJ xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan. Korxona faoliyati farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, transport-logistika, marketing jarayonlarini to‘laligicha o‘zida qamrab olgan. Ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalar va elektron axborot nazorat qilish tizimlari joriy etilgan. 

“Merrymed Farm” MChJ import o‘rnini bosuvchi 10 farmakologik guruhdagi 100dan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. 

Korxona o‘simlik va sintetik xomashyodan dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tabletkalar, kapsulalar, mazlar, galen mahsulotlari, suspenziyalar, infuziyalar, inʼeksiyalar, quruq kukun ko‘rinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona zamonaviy farmatsevtik uskunalar bilan jihozlangan. Korxonada 300ga yaqin ishchi mehnat qiladi. 

Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Korxonada amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma'lumot berildi. 

Sohani yanada rivojlantirish uchun dunyo tajribasini o‘zlashtirish kerak, dedi Prezident. Bu borada import o‘rnini bosuvchi, sifatli dorilar ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratish lozim. 

Farmatsevtika yo‘nalishida yangi korxonalar qurishda aholi talabini o‘rganish, mamlakatimiz hududlarida turli dori vositalarini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish kerakligi ta'kidlandi. 

Bu bozorda bir turdagi dori vositalari emas, turli farmakologik guruhdagi dorilar ko‘payishi va import o‘rnini egallashiga imkoniyat yaratadi, dedi davlat rahbari.

Top