2017 yilning 6 iyul kuni soat 22:07 FVV navbatchilik qismiga cho‘milish qoidalarini buzganligi natijasida bir kishi Toshkent shahri Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining chap tomonidagi qirg‘og‘i yonida joylashgan kichik orolchaga tushib qolgani va uni qutqarish uchun yordam so‘rayotganligi to‘g‘risida ma'lumot kelib tushdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bergan.
Ushbu ma'lumotga ko‘ra, FVV qutqaruv otryadi voqea joyiga 22:20 da yetib borgan. Qutqaruvchilar tomonidan tungi vaqtda cheklangan ko‘rinishga va qattiq oqimga qaramasdan, maxsus qayiqda fuqaro Muzaffar (21 yosh) qutqarib olingan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va yaqinlariga topshirilgan.