09:58 / 10.07.2017
11299

Makkeyn Afg‘onistondagi urushni boy berish sababi qayerdaligini aytdi

Foto: cbsnews.com

AQSh Afg‘onistondagi vaziyatni normallashtirish strategiyasiga ega emas va deyarli 16 yil muqaddam Osiyoning ushbu davlatida boshlagan urushni boy bermoqda. AQSh Kongressi Senatining qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jon Makkeyn  shunday fikrni bildirdi

U shu kunlarda Amerika senatorlari delegatsiyasiga rahbar sifatida Afg‘oniston, Pokiston va BAAga tashrif buyurgan edi. Amerika qonunchilik organi vakillari Kobulda davlat rahbariyati hamda AQShning ushbu mamlakatdagi harbiy kontingenti qo‘mondoni general Jon Nikolson bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

"Bizda strategiya yo‘q, shu sabab yutqazayapmiz", - degan Makkeyn CBS telekompaniyasi efirida Afg‘onistondagi vaziyatni izohlar ekan. Bunda senatorning qayd etishicha, afg‘on milliy armiyasi "jiddiy yo‘qotishlar"ni bermoqda. "Biz yangi strategiyani ishlab chiqishimiz kerak", - deya ishonch bildirgan senator. 

"Biz muammo nimada ekanini bilamiz. U Oq uyda, - deb qayd etgan Makkeyn. – Afsuski, Oq uyda kelishmovchilik hukm surmoqda".

Hozirda, Afg‘onistonda xalqaro koalitsiyaning 13 mingga yaqin harbiy xizmatchisi bo‘lib, shundan 8,4 mingga yaqini amerikalik askar va ofitserlardir. AQSh hukumatining Afg‘onistonni rekonstruksiya qilish bo‘yicha bosh inspektori Jon Sopko xulosasiga ko‘ra, Kobul hukumati 2015 yil noyabr oyida mamlakatning 72 foiizini nazorat qilgan bo‘lsa, 2016 yil noyabr oyi holatiga binoan bu hudud 57 foizgacha qisqargan. 

O‘tgan haftada The Wall Street Journal nashri yozganidek, Oq uy AQSh mudofaa vazirligiga (Pentagon) Afg‘onistonga mustaqil ravishda 3,9 mingdan ortiq bo‘lmagan qo‘shimcha kuchlarni yuborishga ruxsat berdi. Nashr manbalariga ko‘ra, shu yilning iyun oyida prezident Donald Tramp Pentagon rahbari Jyeyms Mettisga Afg‘onistondagi harbiylar sonini mustaqil ravishda aniqlab olish vakolatlarini bergan edi. Bundan tashqari, vazirga qo‘shimcha ko‘rsatmalar yuborilgan.

Top