02:38 / 10.07.2017
16003

Istanbulda minglab kishilar ishtirokida norozilik namoyishi o‘tkazildi

Foto: AP

Muxolifatdagi asosiy Xalq-respublikachilar partiyasi (XRP) yakshanba kuni Istanbulning Moltepa tumanida ko‘pmingsonli namoyish o‘tkazdi va Anqaradan Istanbulga qadar davom etgan, partiya faollari va uning yetakchisi Kamol Qilichdaro‘g‘li bilan 450 kilometrlik masofani bosib o‘tgan 25 kunlik «Adolat marshi»ni yakunlab berishdi, deb xabar qiladi RIA Novosti muxbiri voqea joyidan.

XRP partiyadan saylangan deputat Enis Berbero‘g‘liga nisbatan chiqarilgan hukmga qarshi 15 iyun kuni boshlangan norozilik marshining yakuni deputat hibsda saqlanayotgan Istanbulning Moltepa tumanida joylashgan qamoqxona oldida bo‘lib o‘tdi. U Suriyaga yo‘l olayotgan Milliy istixborot tashkiloti (MIT) ga tegishli yuk mashinalarining tintuvi tafsilotlarini matbuotga oshkor etgani uchun 25 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Berbero‘g‘li sud hukmi chiqarilganidan so‘ng darhol hibsga olinib, qamoqqa tashlangan.

Yuk mashinalari bilan bog‘liq voqea 2014 yilning yanvarida Adana viloyatida bo‘lib o‘tgan, o‘shanda harbiy xizmatchilar MIT’ga tegishli yuk mashinalarini ko‘zdan kechirishgan. Cumhuriyet gazetasi yuk mashinalarini ko‘zdan kechirish jarayonida olingan fotosuratlar va videoroliklarni e'lon qilib yuborgan.

Foto- va videomateriallarda artilleriya snaryadlari, mina va boshqa o‘q-dorilarga to‘la yashiklar ko‘zga tashlangan. Turkiya hukumati talqiniga ko‘ra yuk mashinalari suriyalik turkmanlarga «moddiy-texnik insonparvarlik yordami» yetkazayotgan bo‘lgan. Yuk mashinalarini tekshirish ishi bo‘yicha 17 nafar turk harbiylari, shuningdek, Adana viloyati jandarmeriyasi sobiq boshlig‘i va to‘rt nafar prokuror, jumladan, Adananing sobiq bosh prokurori hibsga olingan.

Norozilik marshining so‘nggi ikki kilometrida Qilichdaro‘g‘li odil sudlovni talab qilib shiorlarni baralla aytib turgan tarafdorlari tomonidan yaratilgan jonli yo‘lak bo‘ylab odimlagan.

«Biz bilan 450 kilometr yo‘lda Turkiyaning barcha shaharlari aholisi vakillari birga yurishdi. Biz marshni tugatdik, biroq bizning adolat istagidagi kurashimiz to‘xtagani yo‘q. Biz aslida mavjud bo‘lmagan odil sudlovni istab qadam bosdik. Biz o‘rinsiz jabr ko‘rganlar — jurnalistlar va universitetlari o‘qituvchilari uchun yurdik. Biz bir kishi hokimiyati rejimi, IShID (terrorchilik tashkiloti), FETO (Muxolifatdagi islomiy targ‘ibochi Fathulloh Gulanning tashkiloti) va RPK (Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi) kabi terrorchilik guruhlariga qarshi yurdik», — deya bayonot bergan Qilichdaro‘g‘li mitingda chiqish qilar ekan.

Uning hukumat oldiga qo‘ygan talablaridan biri o‘tgan yilning iyulida ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng joriy etilgan favqulodda holatni bekor qilishdir. Muxolifat yetakchisi sudyalarni adolatni himoya qilishga chaqirdi, Konstitutsion sud a'zolarini esa «prezident saroyidan kelayotgan yo‘riqnomalarni bajarmaslik»ka undadi. 

«Bugun Turkiyaning turli shaharlarida bir yarim million kishi odil sudlovni himoya qilib mitinglarda ishtirok etmoqda. Bunday aksiya — Anqaradan Istanbulga qadar davom etgan marsh mamlakat tarixida ilk marta o‘tkazilmoqda. Uni o‘tkazish chog‘ida yetakchimiz 13 kilo vazn yo‘qotdi. Gap faqat deputatimizning hibsga olinishida emas, bu so‘nggi tomchi bo‘ldi xolos, biz barcha siyosiy mahbuslarni ozod etilishini talab qilamiz. Bizning oramizda turli partiya vakillari bor, hattoki hukmron partiya vakillari ham. Bizni hukumat eshitishiga ishonmaymiz. Lekin insonlar eshitishi va fikrlay boshlashi lozim», — degan RIA Novostiga mitingning faqat o‘z ismini oshkor etgan qatnashchilaridan biri — Ali.
 
RIA Novosti muxbiri yura turib suhbat qilgan istanbullik Vedat u va uning ko‘pchilik tanishlari muxolifat talablarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. «Biroq hukumat tomonidan qatag‘onga uchrashdan qo‘rqib, hamma ham mitingda qatnashishga jazm qila olmadi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Miting kuchli xavfsizlik choralari joriy etilgan holatda bo‘lib o‘tdi. Chunki ilgariroq Turkiya hukumati IShID terrorchilik guruhining Turkiyada hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi ramzlari tushirilgan mashinalarda miting qatnashchilariga hujum qilishni rejalashtirgan olti nafar jangarisini qo‘lga olganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid
Top