O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Davlat rahbari joriy yil 3 fevral kuni Sergeli tumanida bo‘lib, zamonaviy uy-joylar qurish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi. Bu galgi tashrifda ana shu ishlarning ijrosiga e'tibor qaratildi. 

Bugun Sergeli tumanining 6-mavzesi ulkan qurilish maydoniga aylangan. Bu yerda 66 ta 7 qavatli uy bunyod etilmoqda. Ular Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko‘chib o‘tadi. 

Mamlakatning barcha shaharu qishloqlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimizning hayotiy muhim manfaatlarini ta'minlamoqda. Davlat rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qaror asosida qurilayotgan uy-joylar shahar aholisi, jumladan, yosh oilalar, uyga muhtoj fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlashga xizmat qilmoqda. 

Qarorga muvofiq, 2017-2020 yillarda mamlakatimiz shaharlarida 945 ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda 191 ko‘p qavatli uy barpo etilishi belgilangan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda. 

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta yetti qavatli uy qurilishi yakunlanish arafasida. Boshqa maydonlardagi 36 ta ko‘p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan. 

Uylar mamlakatda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma obektlari qurilishi rejalashtirilgan. 

Prezident ushbu uylardan biriga kirib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi. 

«Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi. Bu odamlarning ko‘p yillik orzu-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan muhim yo‘nalish. Bu ishlarni o‘z vaqtida boshlamaganimizda shunday natijaga erisha olarmidik», dedi Shavkat Mirziyoyev.