20:43 / 12.07.2017
24534

Shveytsariya milliy banki rahbari O‘zbekiston pul-kredit siyosati islohoti haqida

Boshqaruv kengashi raisi Tomas Jordan boshchiligidagi Shveytsariya Milliy banki (The Swiss National Bank, SNB) delegatsiyasi ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Mamlakatimizda bo‘lgan ikki kun ichida mehmonlar markaziy bank, Banklar assotsiatsiyasi va O‘zbekistonning boshqa idoralarida sermahsul uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazishga ulgurishdi. Bugun esa ular ko‘hna va navqiron Buxoroda bo‘lishdi. 

Tashrif davomida delegatsiya rahbari T.Jordan «Jahon» axborot agentligiga eksklyuziv intervyu berdi. Jumladan, u «Jahon» AA muxbiri Sh.Turg‘unboyevga shunday degan:

— Biz zamonaviy O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan juda yaxshi xabardormiz. Mamlakat iqtisodiyotda, shu bilan bir qatorda bank sohasida muhim islohotlarni ko‘tarinki ruhda amalga oshirayotganini ko‘rish quvonchli. Men respublikadagi sa'y-haraakatlarning qamrovi va miqyosidan chindan ham hayratga tushdim.

O‘zbekiston juda katta salohiyatga ega, uzoqni ko‘zlab olib borilgan siyosat bilan istiqbolda salobatli iqtisodiy o‘sish va ravnaqqa erishish mumkin.

O‘zbekistonda rejalashtirilayotgan pul-kredit siyosati bizda juda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Biz tashlanayotgan qadamlarni sinchkovlik bilan kuzatmoqdamiz va Markaziy bank islohotlarning optimal yo‘lini tanlashiga ishonchimiz komil. 

Qayd etish quvonarliki, bizning idoralarimiz orasida yaqin aloqalar o‘rnatilgan. Biz nafaqat aloqalarning o‘rnatilgan darajasini saqlab qolish, shuningdek, hamkorligimizni hartomonlama kengaytirib, amaliy mazmun-mohiyat bilan boyitmoqchimiz. Xususan, ayni paytda monitar siyosatning turli jabhalariga oid bir qator qo‘shma loyihalar muhokama etilmoqda. Bizning bankimiz o‘zgarishlarni o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston markaziy bankiga ko‘mak va maslahat berishga tayyor.

Bizning hamkorligimiz shular bilangina cheklanib qolmaydi va biz ikkitomonlama manfaatli hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni izlab topish niyatidamiz.

Top