17:40 / 14.07.2017
18942

«Biz uyaldik». Tanqidga uchragan siyosiy partiyalar barchasi rostligini ta'kidlashmoqda

Foto: President.uz

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan videoselektor-yig‘ilishida davlat rahbarining “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” deb nomlangan ma'ruzasini deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, umuman, barcha yig‘ilganlar daxldorlik va mas'uliyat hissi bilan tinglashdi.

“Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri bu haqda siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a'zolari fikrlari bilan qiziqdi.    

“Shiddat bilan o‘tib borayotgan davr parlament palatalari, siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirishni talab etmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z ma'ruzasida bu haqda mufassal to‘xtalib o‘tdi. Tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan partiyamiz faoliyati jiddiy va o‘rinli tanqid qilindi”, - deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Klara Jumamuratova.

Uning aytishicha, haqiqatan ham, haligacha xususiy mulk, jumladan, intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilish e'tibordan chetda qolmoqda. “Aytish juda og‘ir, ammo bu — haqiqat. Odamlar balandparvoz gaplarga emas, balki amaliy sa'y-harakatlarga ishonadi. Bunga har oyda tumanlarga chiqib, aholi bilan bevosita muloqot qilish chog‘ida amin bo‘layapmiz. Chunki anchadan buyon yig‘ilib qolgan muammolar ko‘p. Prezidentimiz mazkur uchrashuvlar shunchaki nomiga, hisobot uchun tashkil etilayotganini kuyinchaklik bilan aytganida, rosti, uyalib ketdik. Tanqidiy fikrlardan tegishli xulosa chiqargan holda, muloqotlarimizni ochiq va yangicha ruhda o‘tkazishga harakat qilamiz. Muammoni aniqlab, yechimini nazorat qilish barobarida, uning sabablarini o‘rganish, hal etish, amaliy yordam ko‘rsatish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi bo‘lishi lozim, deb hisoblayman”, - deydi Jumamuratova. 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Alisher Qodirovning aytishicha, davlat rahbari o‘z ma'ruzasida parlament palatalari, siyosiy partiyalar faoliyatini chuqur tahlil etib berdi. Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayotgani qattiq tanqid ostiga olindi. 

“Darhaqiqat, bugun “Milliy tiklanish” DP odamlar orasida mustahkam o‘rin egallay olmayapti. Milliy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash, turizm sohasini rivojlantirishni asosiy maqsad qilgan bo‘lsak-da, bu borada faollik ko‘rsata olmayapmiz. Nazarimda, siyosiy partiyalarning professionalligi, mas'uliyatini muntazam yuksaltirib borish kerak. Chunki ular mamlakatni iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalarni ilgari suradi. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: ushbu g‘oyalarning qaysi biri ilmiy yoki iqtisodiy jihatdan tahlil qilingan? Partiya xodimlari ularni xalqqa lo‘nda qilib tushuntirib bera oladimi? Albatta, hozir bu borada maqtana olmaymiz. Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan dolzarb vazifalardan kelib chiqib, har bir partiya o‘zining g‘oyalarni tadqiq qilish va xodimlarni o‘qitish markazlariga ega bo‘lishi zarur. Bu markazlar jamiyatimizda siyosiy partiyalarni shakllantirish bilan birga, pirovard maqsadimiz — fuqarolik jamiyati qurishga ham xizmat qilgan bo‘lar edi”, - deydi Qodirov.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbarining parlament palatalari vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti faoliyat yuzasidan yana bir bor chuqur mushohada qilishga undaydi.

“Tan olish kerak, siyosiy partiyalar xalq manfaatlarini ta'minlash yo‘lida samarali ish olib borayotgani yo‘q. Chunonchi, ma'ruzada XDPning qonun tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqmagani, keksalar hayotini yaxshilashga oid amaliy harakatlari sezilmayotgani haqida ro‘yirost keltirib o‘tildi. Darhaqiqat, XDPdan saylangan deputat sifatida aytishim lozimki, saylovoldi dasturimizda berilgan va'dalarimizning ko‘p qismi hali-hanuz bajarilmasdan qolmoqda. Prezidentimizning bizga nisbatan bildirgan e'tiroz va tanqidiy fikrlarini o‘rinli, deb hisoblaymiz. Ayniqsa, qonunlarni ishlab chiqishda keng jamoatchilik, ekspertlar guruhlari bilan yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani ayni haqiqat. Aslida, har bir qo‘mita qoshida jamoat tashkilotlari vakillari, amaliyotchilar, yetuk olimlardan tashkil topgan 11-12 kishidan iborat ekspertlar guruhlari mavjud. Lekin ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, salohiyatidan to‘laqonli foydalana olmayapmiz. Ana shu guruhlar bilan ishlash mexanizmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Ko‘p narsa qog‘ozda qolib ketayapti. Ekspertlar faqat qo‘mita tadbirlarida ishtirok etish bilan chegaralanib qolmoqda. Ular bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib, tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yishimiz maqsadga muvofiqdir”, - deydi Feruza Eshmatova.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Shuhrat Yakubovning bildirishicha, Prezidentning videoselektor yig‘ilishida aytgan “Deputatga bepisandlik — xalqqa bepisandlik, deb baholanishi shart” so‘zlari barchani to‘lqinlantirib yuborgan. 

“Bu, shuningdek, yanada tashabbus ko‘rsatib ishlashimizga imkoniyat yaratadi. Chunki shunday qonun loyihalari borki, ularni Qonunchilik palatasiga kiritish uchun ayrim vazirliklardan xulosa olish kerak. Ba'zi rahbarlarning mazkur jarayonni asossiz cho‘zib yuborishi, o‘z vaqtida javob bermasligi oqibatida ko‘plab loyihalar stollarda qolib ketmoqda. Davlatimiz rahbarining xalqni hurmat qilmagan, deputatlik vakolatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan har qanday mansabdor shaxs qonun oldida javob beradi, degan qat'iy fikrlari bu boradagi ishlarni jadallashtirish, ayniqsa, deputat so‘rovi kabi parlament nazoratining ta'sirchan shaklidan samarali foydalanishimizga keng imkon yaratadi”, - deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi.     

O‘z navbatida, O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi a'zosi Abdurahim Qurbonovning aytishicha, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida Ekoharakat faoliyati Prezident ma'ruzasida yaqqol ochib berildi. 

“Haqiqatan ham, hali oldinda bajarishimiz lozim bo‘lgan vazifalar ko‘p ekanligiga amin bo‘ldik. Ma'ruzada yurtimiz ekologik holati aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish nuqtai nazaridan keng tahlil etildi. Ona-tabiatni asrash, atrof-muhit musaffoligini saqlash, tozalik, ozodalik, poklik — xalqimizga xos fazilat. Uni asrab-avaylash vazifamiz va burchimiz. Ekologik muammolarni bartaraf etish uchun har bir kishining ekologik madaniyati yuksak bo‘lishi lozim. Ayniqsa, yosh avlod qalbida tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash muhim. -Prezidentimiz ta'kidlaganidek, biz tomondan bu borada aniq taklif va amaliy tashabbuslar sezilmayapti. Bundan xulosa chiqarishimiz kerak. Endilikda atrof-muhit muhofazasi masalasida qabul qilingan qonunlar va davlat miqyosidagi boshqa qarorlar ijrosini ta'minlash hamda mazkur sohadagi qonunchilikni rivojlantirish va takomillashtirish jarayonlariga mas'uliyat bilan yondashamiz”, - degan Qurbonov. 

Top