Bugungi kunda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan go‘sht narxi oshishi bilan bog‘liq sabablarga “Darakchi” nashri oydinlik kiritishga qaror qilib ko‘rdi.

Respublika bo‘ylab bu holatning kuzatilishiga sabab nima? Jurnalist poytaxt dehqon bozorlarida surishtiruv o‘tkazdi.

Surishtiruvda ma'lum bo‘lishicha, Chorsu dehqon bozorida lahm go‘shtlarning narxi 1 kg. uchun 35 000 so‘mdan 36 000 so‘mgacha, suyakli go‘shtlar esa 28 000 so‘mdan 30 000 so‘mgacha sotilyapti. Ma'lumot uchun: o‘tgan oyda ayni shu turdagi, ya'ni suyaksiz laxm go‘sht 28 000, suyaklisi esa 25 000 so‘mdan xaridorlarga yetkazilgan. 

Surishtiruv jarayonida boshqa go‘sht mahsulotlarning narxida ham xuddi shunday o‘sish borligiga guvoh bo‘lindi: masalan, suyaksiz ot go‘shti 1 kg. uchun 25.000 30.000 gacha; jigar 20.000 22.000 gacha; qazi 52.000 (xomi ham, tayyori ham); qiyma 20.000 so‘mdan 25.000 so‘mgacha. Bu narxlar ham o‘tgan oydagiga nisbatan turiga qarab kamida 3000 so‘mgacha o‘sgan.

“Qo‘yliq” dehqon bozoridagi surishtiruvda ham xuddi shunday narxlardagi o‘sishga guvoh bo‘lindi: bu yerda ham lahm go‘shtlar 30 000 so‘mdan 32 000 so‘mgacha narxda sotilmoqda. Sotuvchining ta'kidicha, o‘tgan oyda ayni shu turdagi go‘shtlar 25 000 so‘mdan 28 000 so‘mgacha xaridorlarga yetkazilgan.

Qassoblarning qayd etishicha, narxlardagi bunday o‘zgarishlarga viloyatlardan mol olib kirish qiyin bo‘layotgani, chorva mollari uchun yem-xashaklarning narxi ham ko‘tarilgani ularning go‘shtga nisbatan shunday narx qo‘yishiga sabab ekan. Shuningdek, go‘shtlar sifatiga qarab ham narxlanadi, dedi qo‘shimcha izoh berib sotuvchi.

Katta savdo markazlarda lahm mol go‘shti 1 kg. 39.490 dan 39.990 gacha, qo‘y go‘shtiniki esa 1 kg. uchun 28.000 31.990 gacha narxda savdoga qo‘yilgan.

Go‘sht narxi nimaga oshayotgani haqidagi savol bilan «O‘zbekoziqovqatxolding»ga murojaat qilindi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida go‘sht narxi talab va taklif, shuningdek uni ishlab chiqarish harajatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Shu munosabat bilan bozorda go‘sht narxi ishlab chiqaruvchilar (xo‘jalik sub'yektlar) tomonidan belgilanadi – deyiladi tashkilot javobida.