10:30 / 15.07.2017
5740

Peruning sobiq rahbari yana bir hamkasbi saqlanayotgan qamoqxonaga yuborildi

Foto: RPP

Peru sobiq prezidenti Olyanta Umala 14 iyul kuni mamlakat poytaxti chetidagi Ate shaharchasida joylashgan Barbadilo qamoqxonasiga keltirilgan. Mahalliy RPP radiostansiyasi xabar qilishicha, sobiq davlat rahbari aynan shu qamoqxonada 18 oy umrini o‘tkazadi. Bundan avval Peru sudi pullarni noqonuniy o‘tkazish va jinoiy guruhni tashkil etishga doir ish yuzasidan uni qamoqqa olishga order bergan edi. 

Xabar qilinishicha, ushbu qamoqxonada Peruning boshqa bir sobiq rahbari Alberto Fuximori ham jazo muddatini o‘tamoqda. 1990-2000 yillarda mamlakatni boshqargan siyosatchi 2009 yil aprelida inson huquqlarini buzganlikda aybdor deb topilib, 25 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. 

Bundan bir necha kun avval, mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Fuximori jazoni o‘tayotgan qamoqxona suratlari paydo bo‘ldi. Gap 800 kv.m. maydon haqida bormoqda. Uning ichida bir necha xonali kvartiraga o‘xshash "kamera" va siyosatchining sayr qilishi uchun ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar haqida bormoqda.

Sobiq prezident saqlanayotgan qamoqxona fotosuratlari ko‘plab peruliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Ularning fikricha, Fuximori bunday sharoitda jazoni o‘tamasligi kerak. 

12 iyul kuni sudya Richard Konsepson Karuancho sobiq davlat rahbari Olyanta Umala va uning rafiqasi Nadin Erediani hibsga olishga order berdi. U pullarni noqonuniy o‘tkazish va jinoiy guruh tashkil etish bo‘yicha sud majlisida shunday qaror qilgan. Shunga ko‘ra, gumonlanuvchilar 18 oy mobaynida qamoqda saqlanadi. Ularga shu muddat ichida hukm o‘qiladi.

Top